Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Zamon va makon tanlamas xazina

05 Fevral 2022, 06:02

1861

Buyuk shoir va mutaffakir hazrat Alisher Navoiyning ijodi har bir davr uchun bebaho xazina bo‘lib kelgan. Bu ulkan ma’naviy-ilmiy meros taraqqiyotga yuz tutgan bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgani yo‘q, aksincha, jahon ahlini o‘ziga chorlab kelmoqda. Shuning o‘ziyoq, Navoiy dahosiga bo‘lgan ehtiromning yuksak ifodasi, deyish mumkin.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida adabiyotshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar va kursant yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir Navoiy asarlarining tarbiyaviy ahamiyatiga bag‘ishlandi. Adabiyot kechasini o‘quv dargohi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Husniddin Davronov ochib, mutafakkir bobomiz boy ma’naviy merosi bilan insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Tadbirda buyuk ajdodimiz asarlarida ilgari surilgan umumbashariy g‘oyalar, o‘lmas fikr va qarashlar jamiyatda inson qadrini ulug‘lashga, mamlakat taqdiri uchun munosib avlodlarni kamol toptirishga, yoshlarning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi. Birobarin, Vatanga cheksiz mehr-muhabbat, ona tilimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik tuyg‘ulari Navoiy asarlari orqali qalbimizga singadi. Bu ulkan merosni qancha ko‘p targ‘ib etsak, o‘qib-o‘rgansak, ma’no-mag‘zini teran anglasak, xalqimizning ma’naviy hayoti shunchalik oydin va farovon bo‘ladi.

– Hazrat Navoiyning umrboqiy asarlari asrlar osha dunyo xalqlari adabiyotining bebaho gultoji bo‘lib kelmoqda, – dedi Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ergash Ochilov. – Bobomiz butun hayotini turkiy til ravnaqiga bag‘ishladi va haqli ravishda Uyg‘onish davrining yetuk vakillari qatoridan joy oldi. Jahonda Alisher Navoiydek asarlari keng tarqalgan, ilmiy-tadqiq qilingan allomalar juda oz. Shoir ijodiga hozirgi kunda ham qiziqish yuqori, uning devon va asarlari ingliz, rus, fransuz, fors, hind, turk, ozarbayjon singari ko‘plab tillarga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilmoqda.

E’tirof etilganidek, buyuk ajdodimiz merosini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shoir tavalludining adabiyot bayrami sifatida tantana qilinayotgani barkamol avlod ta’lim-tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Adabiyot kechasida Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Navoiy g‘azallarining o‘zbek, rus va ingliz tillarida yangragani, shoir hayoti va ijodi haqidagi sahna ko‘rinishi, iqtidorli yoshlarning o‘z ijod namunalaridan yod aytgani mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech