Yangi O‘zbekistonda ta’limga yo‘naltirilgan islohotlar samarasida yurtimizga kelib o‘qiyotgan chet ellik yoshlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda.
O‘tgan yili IIV akademiyasida xorijiy kadrlarni o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilib, 6 nafar tojikistonlik yoshlar o‘qishga qabul qilingan edi. Joriy yil ular safiga yana 12 nafar qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari qo‘shildi. Ayni paytda kursantlar zamonaviy imkoniyatlardan unumli foydalanib, tanlagan ixtisosliklari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallab kelishmoqda.
Yangi o‘quv yili avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ular bilan ochiq muloqot qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va qardosh ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida akademiyada yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayonlari xususida so‘z bordi.
– Keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari mustahkamlandi. Mintaqa yetakchilarining qat’iy sa’y-harakati va oqilona siyosati tufayli ko‘plab muammolar hal etildi. Bugun mintaqamizda hukm surayotgan barqaror muhit mamlakatlarimiz taraqqiyoti, xalqlarimiz favoronligi, yoshlarimiz salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab sohalarda yangi imkoniyatlarni ishga solish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, istiqbolli rejalarni amalga oshirishga mustahkam zamin yaratmoqda, – dedi akademiya boshlig‘i.
Muloqot davomida kursantlarga o‘quv dargohining shonli tarixi, o‘tgan davr mobaynida erishgan yutuqlari, maskanda ta’lim olgan faxrli bitiruvchilar, shu bilan birga, keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar, kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Yoshlar katta avlod vakillari bosib o‘tgan sharafli yo‘lni munosib davom ettirishlari lozimligi qayd etildi.
– Yosh avlod har bir mamlakatning ertangi kuni, taraqqiyotini belgilaydi, – dedi akademiya boshlig‘i. – Sizlar kasbiy bilimlarni puxta egallab, yuqori malakali mutaxassis bo‘lishingiz lozim. Kelgusida erishgan har bir yutug‘ingiz akademiyamiz, shu dargohda sizlarga ta’lim bergan ustozlaringizning yutug‘i ekanligini unutmang. Aytish joizki, keyingi yillarda akademiyamizning turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik aloqalari jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Siz kabi yoshlarning O‘zbekistonda ta’lim olishingiz ham bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarning amaliy ifadasidir.
O‘quv dargohi rahbari kursantlarning taklif va mulohazalarini ham tingladi. Yoshlarga o‘quv va xizmat intizomiga og‘ishmay rioya qilish, faol va tashabbuskor bo‘lish, ustoz-shogirdlik an’analaridan oqilona foydalanish yuzasidan tavsiyalar berdi. O‘z navbatida, kursantlar zamonaviy imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini bildirib, faqat a’lo baholarga o‘qishga va’da berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati