Shu kunlarda IIV akademiyasini tamomlagan kadrlar faoliyati joylarga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Ma’lumki, bu borada yangi tizim yo‘lga qo‘yilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahriga alohida kafedralar mas’ul etib biriktirilgan edi.
O‘rganishlar jarayonida xodimlarning kasbiy kompetentligi, faoliyatidagi yutuq va kamchiliklari, shaxsiy fazilatlari va boshqa asosiy mezonlar monitoring qilinyapti. Ma’naviy-ma’rifiy va kadrlar bilan ta’minlash xizmati xodimlari bilan birgalikda so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularning fikrlari, taklif va muammolari o‘rganilyapti.
Aytish joizki, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni samarali qo‘llay olish yosh kadrlar uchun muhim jihatlardan biri sanaladi. Bitiruvchilarni o‘rganishda ayni shu omilga alohida e’tibor qaratilib, ularning o‘qish davridagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari bilan birga, amaliyotga moslashish jarayonlari ham tahlil qilinmoqda. Monitoring yakunida xodimlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif-tavsiyalar ishlab chiqish va ilg‘or yondashuvlarni ta’limga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, hududiy ichki ishlar organlariga jalb qilingan professor-o‘qituvchilar tomonidan vazirlik tasarrufidagi akademik litseylar faoliyati ham o‘rganilyapti. O‘quv jarayonlari, ayniqsa o‘quvchilarni kasbiy yo‘naltirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, bitirgandan so‘ng oliy ta’limga qamrovini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, o‘qituvchi-murabbiylarga metodik yordam ko‘rsatilmoqda.
Yoshlar o‘rtasida turli mavzularda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari esa ularning huquqiy madaniyatini shakllantirish, tanlagan kasbiga bo‘lgan sadoqatini oshirish, ma’naviy tahdidlarga qarshi immunitetini mutahkamlashga xizmat qilmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati