Akademiya kengashi doimiy asosda faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi.
Kengashning maqsadi akademiya jamoasi sa’y-harakatlari, intellektual salohiyati va boshqa barcha imkoniyatlarini ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda Akademiyaning ta’lim va ilmiy tadqiqot faoliyatiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash, oliy ta’limning davlat ta’lim standarti talablari darajasida mukammal bilim, malaka, ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yetuk professional kadrlar tayyorlashga yo‘naltirishdan iborat.
Kengashning vazifalari:
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni akademiya faoliyatiga tatbiq etish;
ichki ishlar organlari uchun yetuk mutaxassis, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, ushbu jarayonlarga zamonaviy ilm-fan, texnika, texnologiyalar hamda mahalliy va xorijiy ilg‘or tajribani joriy etish;
o‘quv dasturlarini tasdiqlash, ijrosini nazorat qilish, tayyorlangan darslik va o‘quv qo‘llanmalarni nashr etishga tavsiya etish;
ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, ularda yuksak ma’naviy, axloqiy, insonparvarlik ruhiyatini va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirish;
akademiyaning oliy ta’lim sohasida o‘zaro foydali xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
Kengash tarkibi rais, o‘rinbosarlar, kotib va a’zolardan iborat. Akademiya boshlig‘i kengash raisi, boshliqning birinchi hamda ilmiy ishlarga mas’ul o‘rinbosari lavozimiga ko‘ra kengash raisining o‘rinbosarlari hisoblanadi.
Kengash yig‘ilishi har chorakda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Zaruratga ko‘ra, navbatdan tashqari yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin.