Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Akademiyaning huquqiy maqomi, maqsadi va vazifalari

          Ichki ishlar vazirligi akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 2-sentyabrdagi 447-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

 

Akademiya oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasasi hisoblanadi.

 

          Akademiyaning maqsadi ta’lim oluvchilarni mutaxassislik fanlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan holda o‘qitish, ularning kasbiy tayyorgarligi hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish orqali yetuk malakali kadrlar tayyorlashdan iborat.

 

Akademiyaning vazifalari:

          davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlariga muvofiq o‘qitish sifatini ta’minlash;

          ta’lim tizimida kadrlarni maqsadli kasbiy tayyorlash hamda jangovar va jismoniy jihatdan tayyorlashni chuqurlashtirilgan holda amalga oshirish;

          o‘quv jarayonini (jumladan, amaliyot, stajirovka) kadrlar buyurtmachilarining takliflarini inobatga olgan holda tashkil etish;

          oliy malakali mutaxassislar, shuningdek, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

          ilm-fan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlarini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash usullarini tizimli takomillashtirish;

          ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, ularning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish bo‘yicha samarali tizimni yaratish, ularda yuksak ma’naviy, axloqiy, insonparvarlik va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish;

          professor-o‘qituvchilar tarkibini malakali ilmiy-pedagogik, birinchi navbatda, sohaviy fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan kadrlar bilan jamlash, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish;

          o‘qitishning interfaol usullarini, innovatsion pedagogik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, situatsion mashg‘ulotlar, mustaqil ta’lim olish, masofaviy ta’lim tizimini amaliyotga keng joriy qilish;

          ta’lim oluvchilar va o‘qituvchilarning global axborot-huquqiy va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash;

          ta’limda fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi mexanizmlarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qo‘llash;

          ichki ishlar organlari faoliyatida, birinchi navbatda, huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan muammolarga oid fundamental va amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

          ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi, fuqarolar va aholining ijtimoiy tuzilmalari o‘rtasida huquqiy hamda ilmiy bilimlarni targ‘ib qilish;

          ta’lim berish va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish hamda xizmat faoliyati monitoringini amalga oshirish;

          ta’lim sohasida o‘zaro foydali xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish, hamkorlikdagi ta’lim dasturlarini joriy etish;

          Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, ularga amaliy jihatdan va axborot-resurslari orqali ko‘maklashish;

          Akademiya filial(lar)ining o‘quv-uslubiy, ilmiy ishlar va innovatsiyalar, o‘quv-tarbiyaviy va xalqaro aloqalar bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

          moddiy-texnik bazani zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq yaxshilash va yangilab borish.

 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech