Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Mahallalar farovonligi kriminogen vaziyatga bog‘liq

22 Noyabr 2025, 07:11

51

20-21-noyabr kunlari IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov tomonidan Xorazm viloyatining kriminogen vaziyati murakkab mahallalari manzilli tarzda o‘rganildi.

Ta’lim muassasasi vakillari dastlab Urganch shahridagi “Mustaqillik” mahallasida bo‘ldi. Mas’ullar, mahalla raisi boshchiligidagi “yettilik” a’zolari bilan uchrashuvda jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Akademiya boshlig‘i davlatimiz rahbarining joriy yil 18-avgustdagi PQ-253-son qaroridagi vazifalar, “yo‘l xarita”larda belgilab olingan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, shu kungacha mahalla hududida 28 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlangan. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida joylarga 29 ta zamonaviy kamera, 19 ta tashvish tugmasi o‘rnatilib, 96 ta ob’ekt texnik qo‘riqlovga olingan.

Muloqot chog‘ida “yettilik” vakillariga jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, aholining bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar bilan maqsadli ishlash, maishiy-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek xavfsiz uy va ko‘chalarni tashkil etish, hududlarni kameralashtirish, texnik va jismoniy qo‘riqlovga olishni jadallashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Yangiariq tumanidagi “Yangiobod” mahallasi ham “sariq” toifaga kiritilgan. Mahalla hududida o‘g‘irlik va boshqa oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar qayd etilgan. Ular oilalardagi nosog‘lom muhit, ijtimoiy profilaktikaning yetarli darajada tashkil etilmagani natijasida kelib chiqqan.

Akademiya boshlig‘i mazkur mahalla faollari bilan uchrashuvda har bir xonadan, ko‘cha va hududda xavfsiz muhit yaratish uchun aholi, ayniqsa yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, profilaktik ishlar ta’sirchanligini oshirish, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni o‘z vaqtida bartaraf etish zarurligini ta’kidladi. “Muhimi, yangi tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlarimiz o‘z samarasini ko‘rsatishi, mahallalar jinoyatdan mutlaqo xoli bo‘lishi kerak”, - dedi akademiya boshlig‘i.

Hududlarni o‘rganish jarayonida viloyat Ichki ishlar boshqarmasida mas’ul rahbarlar va yosh xodimlar ishtirokida uchrashuv tashkil qilindi. Yig‘ilishda ta’lim muassasasi bitiruvchilarining ish boshlagan paytdan bugungacha bo‘lgan 3 yillik faoliyati, kasbiy kompetensiyalari tahlil qilindi.

“Hozirgi davrda ichki ishlar organlari faoliyatiga, tizim xodimlariga talab kuchayib bormoqda. Sizlar muntazam o‘z ustingizda ishlab, bilim salohiyat va professional mahoratingizni oshirib borishingiz lozim. Yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan islohotlarimiz natijasi sizlarga bog‘liq”, - dedi akademiya boshlig‘i.

Uchrashuvda sohaviy xizmat rahbarlari va yosh kadrlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi. Ta’lim sifatini yanada oshirish, xodimlar faoliyatidagi muammolarni o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Xizmat safari davomida IIV akademik litseyida olib borilayotgan ta’lim jarayonlari bilan tanishildi. O‘qituvchi va murabbiylarga yosh avlodning kasbiy fazilatlarini yuksaltirish, o‘qitishning ilg‘or yondashuvlarini joriy qilish, kadrlarni maqsadli tayyorlash yuzasidan tavsiyalar berildi. O‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda akademiya faoliyatiga oid videorolik namoyish qilinib, kelajak maqsadlari yo‘lida a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlarga tashakkurnoma berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech