Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Hududlardagi ahvol muhokama qilindi

13 Oktyabr 2025, 06:10

24

IIV akademiyasida kriminogen vaziyati murakkab mahallalar bo‘yicha videokonferensaloqa shaklida yig‘ilish o‘tkazildi.

Ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov, mas’ullar, professor-o‘qituvchilar, magistratura tinglovchilari ishtirok etgan yig‘ilishda Prezidentimizning mahallalarda jinoyatyailikni jilovlash samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Xorazm viloyatlari hamda poytaxtimiz mahallalariga jalb qilingan mas’ullarning axboroti tinglandi. Ta’kidlanganidek, tajribali professor-o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhlar tomonidan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning asl omillarini aniqlash va barvaqt oldini olish, aholining osoyishta hayotini ta’minlash borasida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi ikki oy davomida biriktirilgan mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 119 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi. Jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan hududlarga 848 ta turli xildagi zamonaviy kamera, 140 ta tashvish tugmasi o‘rnatilib, 563 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olindi. Mahallalarda 18 ta “xavfsiz ko‘cha”, 39 ta “xavfsiz uy” tashkil qilindi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, bu borada tashkilot va muassasalarning mas’uliyatini oshirish maqsadida joylarga 177 ta taqdimnoma yuborildi.

Akademiya boshlig‘i “yo‘l xarita”larda belgilangan chora-tadbirlarga to‘xtalib, “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida ilmiy asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqishni jadallashtirish zarurligini qayd etdi. “Buning uchun “mahalla yettiligi” bilan birgalikda uyma-uy yurib, har bir muammoning tub ildiziga yetib borish, jinoyatchilikni prognozlash orqali kriminogen omillarning barvaqt oldini olish kerak“, – dedi akademiya rahbari. 

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham aytib o‘tildi. Mas’ullarga tegishli vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, har bir huquqbuzarlik, ayniqsa oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar bo‘yicha alohida yondashuvlarni ishlab chiqish, “mahalla yettiligi” tizimiga metodik yordam ko‘rsatish yuzasidan topshiriqlar berildi. Ishchi guruhlar faoliyati mahallaning kriminogen vaziyatini barqarorlashtirishda erishilgan natijalar orqali baholanishi aytib o‘tildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech