IIV akademiyasi boshlig‘i magistraturaga qabul qilingan tinglovchilar bilan muloqot qildi.
Bugungi islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb vazifalar, tizimning faoliyat samaradorligini oshirishda rahbarlarning o‘rni va mas’uliyati, zamonaviy boshqaruv kadrlarini tayyorlashdan ko‘zlangan ustuvor maqsadlar uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Tadbir avvalida muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli erishilayotgan ijobiy natijalar, xalqimiz hayotidagi yangilanishlar e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlarni kechagi kun bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddati va sur’ati oldimizga qat’iy talablarni qo‘ymoqda. Zamonaviy rahbar bo‘lishga intilayotgan tinglovchilar shunga tayyor bo‘lishi, yetuk bilim salohiyati bilan barcha mezonlarga javob berishi kerak.
Akademiya boshlig‘i davlatimiz rahbari tashabbusi bilan magistraturaning tashkil qilingani tizim uchun zamonaviy boshqaruv kadrlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida o‘quv jarayonlari yildan-yilga takomillashtirib borilayotgani, ilg‘or yondashuvlar tatbiq qilinayotganini alohida qayd etdi.
– Bugunning rahbari kundalik faoliyatini samarali tashkil etish bilan birga, o‘z oldiga strategik maqsad va vazifalar qo‘yishi, ularni amalga oshirishda yuksak boshqaruvchanlik salohiyatini namoyon etishi kerak. Magistraturada joriy qilingan o‘quv modullari tinglovchilarning rahbarlik kompetensiyalarini shakllantirib borishga yo‘naltirilgan. Shu bois, har bir tinglovchi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallab, islohotlar talabiga mos kadr bo‘lib yetishishi zarur, – dedi o‘quv dargohi rahbari Rustam Xatamov.
Muloqot davomida rahbarlikning eng muhim tamoyillari, ichki ishlar organlari faoliyatini boshqarish, xalq bilan samarali muloqot qilish omillari xususida tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, joriy o‘quv yilida belgilab olingan ustuvor maqsad va vazifalar aytib o‘tilib, tinglovchilarga xizmat intizomi bo‘yicha talablar yetkazildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati