Sir emaski, mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlar rahbar kadrlarga yangicha talablarni qo‘ymoqda. Shu bois, bugungi islohotlar davrida rahbarlarning boshqaruv salohiyati, xalq bilan ishlay olish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
IIV akademiyasida magistratura tinglovchilarining bitiruv marosimiga bag‘ishlangan tadbirda amaliyotga yo‘l olayotgan rahbar kadrlar oldida turgan ustuvor vazifalar alohida qayd etildi.
Tadbir avvalida bitiruvchilarga tantanali ravishda diplomlar topshirildi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhammedov so‘z olib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi.
Aytib o‘tilganidek, keyingi yillarda tizim faoliyati o‘zgarib, mutlaqo yangicha mazmun kasb etib bormoqda. Sohadagi rahbarlar, qaysi bo‘g‘inda ishlamasin, avvalo, zamonaviy bilim, boshqaruv salohiyati va dunyoqarashga ega bo‘lishi, kunu tun xalq manfaatini o‘ylab, aholining dardu tashvishi bilan yashashi kerak. Ichki ishlar organlarini xaqlchil tuzilmaga aylantirish ana shu mezonlarga bog‘liq.
“Bugun xalqimizning o‘zi faoliyatimizga baho bermoqda. Prezidentimiz har bir rahbar kundalik ishini mahalladan boshlashi, aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularni qiynayotgan muammolarni hal qilishi zarurligini ta’kidlab keladilar. Bitiruvchilarimiz davrning ana shu o‘tkir talabini doimo his qilishi lozim”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Tadbirda magistratura ta’lim jarayoniga tatbiq qilib borilayotgan innovatsion yondashuvlar, o‘quv yili mobaynida modullar asosida tashkil qilingan mashg‘ulotlar, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, tinglovchilarning boshqaruv mahoratini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslari, shu bilan birga, ta’lim sifatini oshirish maqsadida belgilab olingan istiqboldagi vazifalar qayd etib o‘tildi.
“Ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Magistraturani tamomlayotgan istiqbolli kadrlarga ulkan ishonch bildirilmoqda. Shu bois, bilim va ko‘nikmalaringizni amaliyotda samarali qo‘llab, yangi avlod rahbar kadrlari degan nomga munosib bo‘lishingiz shart”, – dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.
Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar ichki ishlar organlaridagi izchil islohotlar xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidlab o‘tishdi.
Bitiruvchilar nomidan so‘zga chiqqanlar tizimning faoliyat samaradorligini oshirish yo‘lida yanada mas’uliyat, shijoat va fidoyilik bilan xizmat qilishga va’da berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati