Yurt kelajagi uchun sobit qadam bo‘lish, uni asrab-avaylash va yanada yuksaltirish har bir avlodning muqaddas burchidir. Bu yo‘lda yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, ularga milliy qadriyat va an’analarni, shonli tariximizni chuqur anglashni o‘rgatish beqiyos ahamiyatga ega.
Ana shunday ezgu maqsadlarni ko‘zlab, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tib, akademiya kursanti degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan yosh ishtirokida IIV O‘quv-dala markazida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda IIV akademiyasi rahbariyati, Magistratura Boshqaruv fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi, iste’fodagi general-mayor Tohir Mullajonov, saf qismi ofitserlari qatnashdilar. Uchrashuv samimiyat, o‘zaro hurmat va hayotiy maslahatlar ruhida kechdi.
Soha fidoyisi bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid siyosat, keng imkoniyatlar va ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida so‘z yuritdi. Ushbu islohotlar tufayli yosh kadrlar uchun zamonaviy ta’lim dasturlari, malaka oshirish imkoniyatlari, xizmat sharoitlarini yaxshilash hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tizimlari yanada mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Suhbat jarayonida “ustoz-shogird” an’anasining ahamiyati, izlanish va o‘z ustida ishlashning zarurligi haqida ham so‘z bordi. Yurt xizmatiga bel bog‘lagan har bir yosh bilimli, jasoratli va halol bo‘lishi muhimligi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir so‘ngida kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, yangi orzu va maqsadlar bilan ruhlandilar. “Uch avlod uchrashuvi” nafaqat tajriba almashish maydoni, balki qalblarni yagona maqsad — Vatan ravnaqi yo‘lida birlashtirgan samimiy muloqot bo‘lib qoldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati