Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashda xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
7-fevral kuni IIV Akademiyasiga Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Turkiya politsiya akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya keldi. Tashrif doirasida ikki tomonlama muzokara o‘tkazilib, hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’lim muassasasi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi besh yilda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va amaliy sa’y-harakatlari ko‘p qirrali hamkorlikka yangicha sur’at bag‘ishlayapti. Bugungi kunda o‘zaro aloqalar azaliy qardoshlik va birodarlik rishtalari asosida zamonaviy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlari, jumladan, ta’lim sohasida ham izchil ravnaq topmoqda.
– O‘tgan yilgi faoliyatimiz amaliy uchrashuv va konstruktiv muloqotlarga boy bo‘ldi. Istiqboldagi yo‘l xaritamizda Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Bu ham soha uchun zamon talablari mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi u.
O‘z navbatida, turkiyalik mehmonlar samimiy mehmondo‘stlik uchun minnardorlik bildirishdi. Turkiya va O‘zbekiston global tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish, mintaqaviy hamda xalqaro masalalarni hal etishda doimo bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, aloqalar muntazam hamkorlik formatida jadal rivojlanayotganini ta’kidlashdi.
– Har gal O‘zbekistonga kelganimda, o‘zimni ota yurtimda bo‘lganday his qilaman, – dedi delegatsiya a’zosi, Turkiya politsiya akademiyasi professori Shenol Yaprak. – Biz madaniyati, dini, urf-odatlari bir-biriga juda yaqin qardosh xalqmiz. Shuning o‘ziyoq, munosabatlarimizning chuqur tarixiy ildizga ega ekanligidan dalolat beradi. O‘ylaymanki, aloqalarimizning bugungi holati har ikki tomon uchun mushtarak manfaatlarga xizmat qilmoqda. Ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz.
Uchrashuvda tajriba almashinuvini kengaytirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini samarali tatbiq etish, professor-o‘qituvchilar va kursantlarning malakasini oshirishda o‘zaro yordam tamoyili asosida mashg‘ulotlar tashkil qilish, xalqaro terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashishda Turkiyaning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, bu borada o‘quv-uslubiy va ilmiy hamkorlikni izchil davom ettirish masasalari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng mehmonlar ta’lim muassasasining faoliyati bilan tanishdilar. O‘quv jarayonidagi yangilanishlar, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan yondashuvlar, kursantlarning vatanparvarlik fazilatlarini yuksaltirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, bir so‘z bilan aytganda, Akademiyaning zamonaviy imkoniyatlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Kunning ikkinchi yarmida turkiyalik tajribali mutaxassislar “Politsiya tizimida samarali muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish” hamda “Terrorizmga olib keluvchi radikallashuv jarayonining oldini olishni boshqarish” mavzularida seminar-trening mashg‘uloti o‘tkazdilar. Turkiya Respublikasi delegatsiyasi tomonidan ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari uchun tashkil qilingan mashg‘ulotlar joriy yilning 11-fevraliga qadar davom etadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati