Ichki ishlar organi xodimlari yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lishi kerak. Ayniqsa xizmat davomida psixologik chidamlilikni namoyon etish faoliyatga barqaror ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Avval xabar qilinganidek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida hududiy ichki ishlar organlarining psixolog xodimlari uchun qisqa muddatli o‘quv yig‘ini tashkil etilgan edi. Malaka oshirish kurslari soha vakillarining kasbiy mahoratini yuksaltirish, malakali psixolog-trenerlar tayyorlash orqali hududiy ichki ishlar organlarida psixologik muhitni yaxshilash hamda shaxsiy tarkib bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga qaratildi.
Interfaol yondashuvlar asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar “Ichki ishlar organlari xodimlari kasbiy faoliyatida nizoli holatlar va ularning oldini olish”, “Fuqarolar bilan psixologik aloqa o‘rnatish usullari”, “Profayling xizmatining shaxslararo munosabatda tutgan o‘rni”, “Ichki ishlar organlari xodimlarining omma ongi bilan ishlash metodlari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan ishlash texnikalari”, “Boshqaruv psixologiyasi. Rahbar axloqi va boshqaruv madaniyati, eksperimental psixodiagnostika asoslari”, “Shaxs xususiyatlari va kasbiy kompetensiyalarini tashxis etish metodikalari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza tingladilar. Bundan tashqari, tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan trening va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, zamonaviy psixologiyada qo‘llanilayotgan ilg‘or metodlar tushuntirib o‘tildi.
O‘quv yig‘ini yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda ta’lim muassasasi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov ishtirok etib, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida soha xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar xususida to‘xtaldi.
– Zamon shiddat bilan o‘zgarib borgani sayin, ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishi faoliyati ham murakkablashib bormoqda. Ayniqsa hozirgi murakkab sharoit soha xodimlaridan professional bilim, zarur amaliy ko‘nikma yuksak ma’naviy salohiyat hamda psixologik tayyorgarlikni talab etmoqda. Ichki ishlar organlarida psixologik ishlarni samarali tashkil etish shaxsiy tarkib o‘rtasida ma’naviy-axloqiy muhitni barqarorlashtirish bilan birga, tizimning xalqchil tuzilma sifatida shakllanishiga xizmat qiladi, – dedi Akademiya boshlig‘i.
Aytish joizki, bir hafta davom etgan o‘quv yig‘ini psixolog xodimlar uchun zarur ko‘nikma va tavsiyalarga boy o‘tdi. Tadbir yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIBlaridan ishtirok etgan 28 nafar xodimga maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati