8–11-sentyabr kunlari IIV akademiyasida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi ko‘magi bilan navbatdagi mashg‘ulotlar tashkil qilindi.
Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi samarali kurashish va mazkur yo‘nalishda ilg‘or tajribalarni o‘rganish o‘quv kursidan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘ldi.
Ichki ishlar organlarining kiberxavfsizlik, tergov bo‘linmalari xodimlari, IIV akademiyasi va Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan mashg‘ulotlar Turkiya Respublikasi IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borildi.
Unda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda ochiq manbalardan foydalanish, raqamli dalillar bilan ishlash, kriptotranzaksiyalarni kuzatish, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarga tezkor javob qaytarish va boshqa dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan bilimlar mustahkamlandi. Yakunda tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Aytish joizki, turkiyalik mutaxassislar akademiya faoliyati bilan tanishish maqsadida o‘quv binolari, maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, sport majmuasi va boshqa maskanlarda ham bo‘lishdi. Ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan zamonaviy yondashuvlarni ko‘zdan kechirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati