Ikki yil oldin Zafarobod tumanining “Chimqo‘rg‘on” qishloq fuqarolar yig‘ini jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha eng og‘ir hududlardan biri edi. Biroq vaziyat bugun butunlay boshqacha.
Mahalla faollari, sektor vakillari va profilaktika inspektorining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari evaziga jinoyatchilikni jilovlashga erishildi. Chunonchi, 2020-yili QFY hududida 9 ta jinoyat qayd qilingan bo‘lsa, o‘tgan yil davomida bir marotaba o‘g‘irlik jinoyati sodir etildi, xolos. Natijada, qishloq “sariq” toifadagi hududdan joy oldi.
“Chimqo‘rg‘on” QFY faollarining ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining e’tibori bilan olis hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining muammo va tashvishlari “fuqarobay” yondashuv asosida manzilli hal etilmoqda. Hozirgi kunda qishloq fuqarolar yig‘inida besh yuzdan ziyod oila istiqomat qiladi. Aholining 42 nafari “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari”ga kiritilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmaganlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yoshlarni foydali mashg‘ulotlarga jalb etish borasida qilinayotgan ishlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish imkonini bermoqda.
Shu o‘rinda IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruhi faoliyatini ham alohida ta’kidlash joiz. O‘tgan 2021-yil davomida ishchi guruhi tomonidan hududlarda sodir etilgan har bir jinoyat va huquqbuzarlikning sabab hamda shart-sharoitlari ilmiy asosda o‘rganilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Mahalla faollari va profilaktika inspektorlariga amaliy yordam ko‘rsatilib, ko‘plab muammolar tuman mutasaddilari bilan birgalikda joyida hal etildi.
Ishchi guruhi vakillari ayni kunlarda ham qishloq fuqarolar yig‘ini hududida profilaktik targ‘ibot ishlarini olib borayaptilar. Aholi bilan o‘tkazilayotgan muloqotlar chog‘ida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar muhokama qilinib, mavjud muammolarni hal etish borasida mahalla faollari hamda profilaktika inspektorlariga zarur tavsiyalar berilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, qishloq yoshlari uchun kutubxona, ma’naviyat va ma’naviyat markazini barpo etish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, hududdagi ayrim korxona va tashkilotlarga kuzatuv kameralarini o‘rnatish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bor. Bu masalalarning ijobiy yechim topishi aholi daromadining ko‘payishiga, jinoyatlarning kamayishiga xizmat qiladi. Zero, tinch-osuda joydagina, obodlik bo‘ladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati