Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Muammolar “fuqarobay” yondashuv orqali oldi olinmoqda

20 Dekabr 2021, 10:12

1811

Davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida jinoyatchilikni jilovlashning samarali mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Ayniqsa kriminogen vaziyati murakkab hududlarda ishning manzilli yondashuv asosida tashkil qilinayotgani sodir etilgan har bir jinoiy xatti-harakatning asl sabablarini o‘rganish va bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda “fuqarobay” ishlash bo‘yicha metodik qo‘llanmalar yaratilib, respublikamizning kriminogen vaziyati og‘ir mintaqalari, jumladan, Termiz shahridagi “Majnuntol” mahallasida ham tatbiq qilingan edi. O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida mahalladagi ahvol sezilarli darajada o‘zgardi. Xususan, joriy yilning 11 oyida 8 ta jinoyat qayd etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 taga kamaygani holda mahalla “sariq” toifadagi hududga o‘tkazildi.

Ammo bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar mavjudligi, ayrim joylarda jinoyatchilik ahvolining o‘zgarishsiz qolayotgani Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida ayon bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalla hududidagi eng ko‘p jinoyatlar dehqon va buyum bozorlarida sodir etilmoqda. Bunga bir tomondan savdo majmuasining muntazam aholi bilan gavjumligi sabab bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning o‘z mol-mulkini qarovsiz qoldirayotgani, hududdagi aksariyat savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlarining qo‘riqlovga olinmagani asosiy omil bo‘lmoqda. Mazkur holatlarni bataraf etish maqsadida ishchi guruhi tomonidan sodir etilgan har bir jinoyatning sabablari, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlar mahalla faollari va profilaktika inspektorlari ishtirokida chuqur tahlil qilindi. Jinoyatchilikni jilovlash va barvaqt oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Aytish joizki, ichshi guruhi tomonidan Termiz shahrida jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borilayotgan ishlar ham ilmiy asosda o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mavjud 37 ta mahallaning 5 tasida umuman jinoyat sodir etilmagan, 17 ta mahallada jinoyatlar kamaygan bo‘lsa, yana 2 ta mahallaning kriminogen vaziyati barqaror saqlangan. Qolgan mahallarda esa jinoyatlar salmog‘i, xususan, bezorilik, tovlamachilik, o‘g‘irlik, firibgarlik kabilar ortgan. Tahlillarga ko‘ra, firibgarlik jinoyatining 70 foizdan ortig‘i doimiy ish bilan band bo‘lmagan qatlam, salkam 5 foizi esa muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan. Mazkur holatlarning sabablari joylarga chiqib o‘rganilganda, ayrim fuqarolarning o‘ziga tegishli mol-mulkni begona shaxslarga ishonib topshirishi va boshqa omillar firibgarlikning ko‘payishiga olib kelayotgani, o‘g‘irlik jinoyati asosan ko‘p qavatli uylar atrofi, kuzatuv kameralari va tungi yorituvchi chiroqlar o‘rnatilmagan joylarda tez-tez sodir etilayotgani aniqlandi.   

Termiz shahar ichki ishlar organlari tomonidan joriy yil boshidan 1570 nafar fuqaro bilan manzilli profilaktik ishlar olib borilib, 55 ta oiladagi kelishmovchilik bartaraf etilgan. Jabrlangan 104 nafar xotin-qizga himoya orderi berilib, jamoat joylarida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bilan profilaktik ishlar amalga oshirilgan. Ilmiy yondashuvlar shuni ko‘rsatadiki, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etishda yangicha ish uslublaridan foydalanilmayapti. Profilaktika inspektorlarining o‘z hududidagi kriminogen vaziyatni tahlil qilib bormasligi, jinoyatlarning sabab hamda shart-sharoitlari chuqur o‘rganilmayotgani, ayrim xodimlarda sohaga oid bilim va kasbiy salohiyatning yetishmasligi ishni samarali yondashuvlar asosida olib borish imkonini bermayapti.

Ishchi guruhi vakillari ishtirokida joylarda tashkil eitlgan uchrashuvlar chog‘ida mavjud muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari xodimlariga amaldagi islohotlarning mazmun-mohiyati, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning samarali uslublari ilmiy-amaliy jihatdan tushuntirildi. Soha xodimlari bilan profilaktik suhbat hamda anonim so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganildi.

Kriminogen ahvoli og‘ir bo‘lgan hududlardagi vaziyat bevosita joyiga chiqqan holda batafsil o‘rganildi. Xususan, Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov va viloyat IIB boshlig‘i Abduvohid Ismoilov Termiz shahrining “Majnuntol” mahalla fuqarolar yig‘inida tegishli sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, mahalla faollari va profilaktika inspektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Muloqot davomida mahalla hududida sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, “fuqarobay” metodikani amaliyotga keng tatbiq etish, mahallani jinoyatdan xoli “yashil” hududga aylantirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek Akademiya boshlig‘i bir guruh faollar hamrohligida Termiz dehqon bozori hududidagi huquq-tartibot maskanini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddi vakillarga bozor hududida aholini hushyorlik va ogohlikka chaqiruvchi audioeslatmalardan foydalanish, aholi gavjum kunlarda patrul-post xizmati xodimlarini qo‘shimcha yo‘nalishlarga jalb etish orqali fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ishchi guruhining navbatdagi manzili “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasidagi huquq-tartibot maskani bo‘ldi. Akademiya boshlig‘i hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari bilan suhbatlashib, aholining “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan qatlami muammolarini o‘z vaqtida hal etish, vaqtincha ishsizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasiga manzilli yondashish bo‘yicha fikr almashdi.

Bundan tashqari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish ham o‘tkazildi. Boshqarma rahbariyati, sohaviy xizmatlar, shuningdek shahar, tuman ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, profilaktika inspektorlari hamda mahalla raislari ishtirok etgan yig‘ilishda muhtaram Prezidentimizning inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlari ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh etishga, tizimni xalqchil tuzilmaga aylantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. So‘nggi yillarda sohaning qo‘yi tizimlari takomillashtirilib, aholiga sifatli yordam ko‘rsatadigan, muammolarni o‘z vaqtida hal etadigan mobil tizim yaratildi. Soha xodimlarining ijtimoiy shart-sharoitlari zamon talablariga mos ravishda yaxshilandi. Ichki ishlar organining har bir xodimi davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, sharafli xizmatga vijdonan va yuqori mas’uliyat bilan yondashishi, o‘z faoliyatini tanqidiy baholagan holda kasbiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirib borishi, eng muhimi, qonuniylik va xizmat intizomiga og‘ishmay amal qilishi lozim.

Tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, bu borada mavjud muammolarning samarali yechimlarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Akademiya vakillari tomonidan “Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning “fuqarobay” ishlash metodikasini qo‘llash bo‘yicha tushunchalar berilib, qo‘llanmaning mazmun-mohiyati, faoliyatga joriy qilish usullari ko‘rgazmali metodlar yordamida tushuntirildi. Soha xodimlarining kasbiy malakasini oshirish orqali hududlarda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, hududlarda “fuqarobay” ishlashni tizimli tashkil etish lozimligi qayd etildi.

Muxtasar qilib aytganda, IIV Akademiyasi ishchi guruhining 5–18-dekabr kunlari Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari kriminogen vaziyati murakkab hududlarda “fuqarobay” ishlash metodikasini amalda to‘liq joriy etishda muhim turtki bo‘ldi. Bu esa muammoga qarab manzilli ishlash, jinoyatchilikni jilovlash orqali xalqimizni rozi qilishga zamin yaratildi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech