10–15-avgust kunlari IIV akademiyasida Tojikiston IIVning Dushanbe shahri bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, militsiya polkovnigi Fayzali Saydalizoda boshchiligidagi delegatsiya a’zolari uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Akademiyaning malakali professor-o‘qituvchilari, tajribali amaliyot xodimlar tomonidan olib borilgan mashg‘ulotlarda kiberjinoyatlarning tahdid ko‘lami, ularga qarshi kurashish faoliyatini zamonaviy uslubda tashkil etish, raqamli texnologiyalar vositasida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos jihatlari keng yoritildi. Shuningdek, axborot tizimidan foydalanib sodir etilayotgan firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlarini tergov qilishda isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar hamda tergov jarayonida qo‘llaniladigan ilg‘or metodlar bo‘yicha amaliy bilimlar berildi.
O‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng tojikistonlik hamkasblar IIV akademiyasining o‘quv-tarbiya jarayoni, ilmiy-tadqiqot ishlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar. Ularga oliygohning maqsad va vazifalari, ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali rahbar kadrlar tayyorlashdagi ustuvor yo‘nalishlar hamda ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan ilg‘or pedagogik texnologiyalar haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Akademiya tarixi muzeyi va “Vatanparvarlik burchagi”dagi ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy sport inshootlari, amaliy mashg‘ulot maydonlari mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
Tomonlar yosh avlodni nafaqat professional bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassis, balki yurt sha’nini xalqaro maydonlarda munosib himoya qila oladigan barkamol shaxs sifatida tarbiyalash masalalarida fikr almashdilar. So‘nggi yillarda IIV akademiyasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan qulay infratuzilma hamda xalqaro tajriba almashishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Muxtasar aytganda, mazkur o‘quv mashg‘ulotlari ikki davlat huquq-tartibot organlari o‘rtasida tajriba almashish, axborot xavfsizligini mustahkamlash va mintaqaviy kiberxavfsizlik darajasini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati