Ichki ishlar vazirining 2021-yil 6-dekabrdagi farmoyishi asosida tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari uchun qisqa muddatli seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
O‘quv yig‘ini oldidan IIV Akademiyasida vazirlik sohaviy xizmatlari mutasaddilari, ta’lim muassasasi rahbariyati, hamda tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda so‘z olganlar ichki ishlar organlari tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amaliyotga joriy qilinayotgan samarali yondashuvlar, ichki ishlar organlari tizimi oldidagi dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlashda turli bo‘g‘in rahbarlarining mas’uliyatini kuchaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tishdi.
– Barcha sohalarda bo‘lganidek, ichki ishlar organlari tizimida ham faoliyat samaradorligini ta’minlash rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatiga bog‘liq, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov. – Tizimdagi izchil islohotlar jarayonida sohani professional kadrlar bilan ta’minlash, xodimlarning kasbiy, ma’naviy-siyosiy va boshqaruv salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining PQ-5076-son qarori bilan tizimga “uzluksiz o‘quv-karera” jarayoni joriy qilinib, ichki ishlar organlari rahbar tarkibining tegishli lavozimlariga tayinlanish uchun Akademiya magistraturasida o‘qish shartligi, xodimlarga maxsus unvonlar berilishining hamda safdor va serjantlar tarkibidagi xodimlar ofitserlik lavozimlariga tayinlanishining asosiy talablaridan biri sifatida ularning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tishi zarurligi belgilandi.
Ta’kidlanganidek, seminar-trening mashg‘ulotlarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining boshqaruv salohiyatini rivojlantirish, xodimlarda faoliyatni samarali tashkil etish, strategik vazifalarning yechimi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni amaliy shakllantirishdan iboratdir.
O‘quv yig‘inining ilk kunida mashg‘ulotlar ikki sho‘baga bo‘lingan holda olib borildi. Malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan hududiy ichki ishlar organi boshlig‘ining sohaviy xizmatlar faoliyatini samarali tashkil etish usullari, zamonaviy tahdidlar sharoitida kriminogen vaziyatni bashorat qilish metodologiyasi, rahbar kadrlarning omma ongi bilan ishlash metodlari, ichki ishlar organlarida boshqaruv samaradorligini oshirishda raqamlashtirishning o‘rni, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasining mazmun-mohiyati, Jamoat xavfsizligi konsepsiyasining ustuvor vazifalari, rahbar kadrlarning ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan ishlash texnikasi mavzulari atroflicha yoritildi.
Seminar-trening davomida ayni masalada amaliyotda uchrayotgan ayrim muammolar tahlil qilinib, ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Shu kuni seminar-trening ishtirokchilari Akademiyada yo‘lga qo‘yilgan innovatsion ta’lim jarayonini ko‘zdan kechirib, ma’naviy-ma’rifiy hamda sport seksiyalari faoliyati bilan tanishdilar.
Eslatib o‘tamiz, uch kun davom etadigan yig‘in doirasida tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari Toshkent shahar IIBB hamda Angren va Bo‘stonliq tumanlari IIBda jamoat xavfsizligi ta’minlash borasida joriy qilingan ilg‘or tajribalarni o‘rganadilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati