Mahallalar obodligi yo‘lida amalga oshirilayotgan yangilanishlar yurtimizning har bir go‘shasiga yetib bormoqda. Bugun hududlardagi muammolar aniq va manzilli chora-tadbirlar asosida hal qilinmoqda.
Navoiy shahrining “Yoshlik” mahallasi jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha “sariq” toifadagi hudud sanaladi. Bunga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q, albatta. Joriy yil boshidan mahalla bo‘ylab keng ko‘lamli profilaktik ishlar amalga oshirilib, jinoyatchilikni jilovlashning “fuqarobay” metodikasi amaliyotga samarali tatbiq qilindi. Natijada, mavjud kriminogen vaziyat ancha barqarorlashdi.
Biroq “Yoshlik” mahallasini butkul jinoyatdan xoli hudud, deb bo‘lmaydi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ayrim turdagi jinoyatlar, xususan, o‘g‘irlik, tovlamachilik, badanga qasddan shikast yetkazish kabi holatlar sodir etilgan. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida ushbu jinoyatlarning sabablari va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlar ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillar “Obod mahalla” dasturi asosida bu yerda o‘nlab ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. Mahalla hududi kengayib, aholi soni ham sezilardi darajada oshgan. Hududlarda qayd etilayotgan jinoyatlar asosan aholi gavjum maskanlar, ko‘p qavatli uylar, bozor va savdo majmualarida ro‘y bermoqda.
Ishchi guruhi tomonidan mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy ko‘rsatayotgan omillar joyiga chiqqan holda o‘rganilib, “ilmiy diagnoz” asosida kelgusida ularning oldini olish va samarali profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Mahalla raisi, faollar hamda profilaktika inspektorlariga aholi muammo va tashvishlarini o‘rganish, “fuqarobay” ishlash orqali jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ayniqsa huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali olib borish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, IIB sohaviy xizmatlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari, yo‘l harakati xavfsizligi va patrulь-post xizmati xodimlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Kriminogen vaziyati murakkab hududlarda jinoyatchilikni jilovlashda yangicha mexanizmlarni qo‘llash, ilmiy yondashuv asosida yaratilgan “Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning “fuqarobay” ishlash metodikasi”ni amaliyotga keng tatbiq etish, mahallalarni obod maskanlarga aylantirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati