1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qabul qilinganiga 27 yil to‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida mazkur qonunning bosqichma-bosqich isloh qilingani natijasida mamlakatimiz jinoyat qonunchiligi liberal huquqiy tizim sifatida shakllandi.
Sana munosabati bilan IIV Akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa organlar vakillari, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan mutaxassislar, huquqshunos olim va ekspertlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda sud-huquq tizimini isloh etish, jamiyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar, xususan, uyushgan jinoyatchilik, diniy ekstremizm, terrorizm, tovlamachilik kabi jinoyatlarga qarshi kurashishning mustahkam huquqiy poydevorini yaratish dolzarb vazifaga aylangan edi. 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilingani jinoyat qonunchiligining huquqiy poydevorini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shunga ko‘ra, 1995-yil 1-apreldan O‘zbekiston Respublikasining birinchi Jinoyat kodeksi amaliyotga kiritildi va unda sobiq ittifoq davridagi kodeksdan farqli ravishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar mustahkamlab qo‘yildi.
– Mamlakatimiz sud-huquq sohasi izchil islohotlar davrini bosib o‘tdi, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov. – Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosida jinoyat qonunchiligining tubdan isloh qilingani insonparvarlik g‘oyalariga tayangani va amaliy natijalari bilan xalqaro miqyosda ham ijobiy baholanmoqda.
E’tirof etilganidek, shaxs huquq va erkinliklari hamda jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida so‘nggi besh yilda qonunchilikka bir qator o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Jinoiy javobgarlikning minimal 14 yoshdan belgilangani, “qamoq” jazosining bekor qilingani, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati 1 oyga tushirilgani, ilgari milliy qonunchiligimizda mavjud bo‘lmagan ayrim turdagi jinoyatlar hamda majburiy mehnatga qarshi javobgarlikning amaliyotga tatbiq etilgani, 10 dan ortiq moddalar shaxsni javobgarlikdan ozod qilishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi normalar bilan to‘ldirilgani va boshqalar shular jumlasidandir.
Ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali direktori Abrorjon Otajonov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Qumriniso Abdurasulova, Jamoat xavfsizligi universiteti professori Bahrom Ahrorov, IIV Akademiyasi professori Rustam Kabulov va boshqa mutaxassislar so‘zga chiqib, jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar asosida jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirilgani anjuman dolzarbligini yanada oshirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati