30-31-oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi IIV Boshqaruv akademiyasi tomonidan “Jinoyatchilik. Jamiyat. Xavfsizlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy forum o‘tkazildi.
Unda qator xalqaro tashkilotlar, MDH davlatlarining ixtisoslashgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, shu jumladan, mamlakatimizdan IIV akademiyasi vakillari, ekspert va muxatassislar qatnashdi.
Dastlab forum doirasida vakolatli organlar va maxsus xizmatlarning transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi hamkorligiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil qilindi. Tadbir ochilishida Boshqaruv akademiyasi boshlig‘i S. Sinenko so‘z olib, ilmiy-amaliy konferensiyaning dolzarb ahamiyatiga to‘xtaldi.
Konferensiya ishida MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi direktorining birinchi o‘rinbosari A. Aliyev, Qirg‘iziston Respublikasi IIV akademiyasi boshlig‘i A. Nogoybayev, Tojikiston Respublikasi IIV akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari R. Rahmadjonzoda, Rossiya Federatsiyasi IIV Boshqaruv akademiyasi Ilmiy-tadqiqot markazi vakili A. Kononov va boshqalar so‘zga chiqdi. Hozirgi global sharoitda jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy tendensiyalarni amaliyotga joriy qilish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, forum davomida “MDH davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish” mavzuida konferensiya ham o‘tkazildi. Anjumanda Rossiya, Belarus, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining turdosh oliy ta’lim muassasalari hamda manfaatdor davlat organlari vakillari o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildi. Shundan so‘ng konferensiya ishi “Jamoat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari”, “Yangi geosiyosiy makonda ekstremizmga qarshi kurashish: nazariya va amaliyot”, “Sudga qadar ish yuritishni takomillashtirish” mavzuiga qaratilgan seksiyalarda davom ettirildi.
Bir so‘z bilan aytgan, xalqaro forum munosabati bilan tashkil qilingan tadbirlar global muammolarning ilmiy-amaliy yechimlarini ishlab chiqish, huquqni qo‘llash amaliyoti uchun ilg‘or yondashuvlarni taklif etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini ko‘p qirrali hamkorlik orqali yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Forum ishtirokchilari Boshqaruv akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati