Ko‘p asrlik aloqalar, ishonchli birodarlik va strategik sheriklik O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarining mustahkam asosini tashkil etadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi rishtalar bugun yuqori darajada rivojlanib bormoqda.
26-noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Koreya milliy politsiya universiteti prezidenti janob Li Chyol Gu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Muzokaralar kun tartibidan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin oldi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi mushtarak aloqalar ildizi uzoq tarixga ega. Davlatlarimiz ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy taraqqiyotning rivojlanish tendensiyalarini qo‘llab-quvvatlash tarafdori. O‘zaro manfaatli munosabatlar murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan, barqaror rivojlanishda davom etmoqda. Joriy yilning o‘zida Seul va Toshkentda yuqori darajadagi uchrashuvlar tashkil etilib, qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
Ta’lim muassasalari rahbarlari bir-birlarini qutlar ekan, munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.
– O‘zbek va koreys xalqlarini tarix sinovidan o‘tgan mustahkam aloqalar bog‘lab turadi. Koreya Respublikasi jahonning yuksak taraqqiy etgan va ulkan salohiyatga ega davlatlaridan biri. Mamlakat ko‘plab sohalar qatori, innovatsion ta’lim sohasida ham ilg‘or tajribalarni qo‘llab kelmoqda. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan ko‘zlagan asosiy maqsadimiz ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashda Koreya milliy tajribasining o‘ziga xos yutuqlarini o‘rganib, amaliyotga tatbiq etishdir. Bu borada koreyalik hamkorlarimizda qiziqish yuqori va biz buni qadrlaymiz, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov.
Koreya milliy politsiya universiteti prezidenti janob Li Chyol Gu samimiy muloqot uchun minnatdorlik bildirgan holda xalqlarimiz o‘rtasidagi asriy aloqalarni yuksak darajada qadrlashini aytib o‘tdi. Martabali mehmonning e’tiroficha, O‘zbekiston zaminida ilm-fan qadim-qadimdan ravnaq topgan. Bugungi Yangi O‘zbekiston o‘tmishi boy va kelajagi porloq mamlakat sifatida taraqqiyotning o‘ziga xos yo‘lidan jadal yuksalib bormoqda. Mamlakatda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan xalqchil siyosat o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatayapti.
Konstruktiv va ochiq ruhda o‘tgan muzokara jarayonida yaqin istiqboldagi rejalar, xususan, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi anglashuv memorandumi hamda “yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning amaliy natijasi haqida fikr almashildi. Unga ko‘ra, 2021/2022-o‘quv yili davomida o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar uchun Koreya milliy politsiya universitetida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, xavfsiz turizm, IT texnologiyalar, kiberjinoyatlarni fosh etish va tergov qilish kabi yo‘nalishlarda malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Tomonlar Janubiy koreyalik malakali mutaxassislarni uzoq muddatga IIV Akademiyasiga tajriba almashish uchun yuborish, almashuv (paritet) asosida kursantlarni o‘qitish, zamonaviy global tahdidlarning oldini olishga yo‘naltirilgan master-klass mashg‘ulotlarini tashkil etish, axborot texnologiyalari, ilmiy-texnikaviy va intellektual hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, madaniy aloqalarni kengaytirish borasida bir-birlarini qo‘llab-quvvatladilar.
Shu kuni delegatsiya a’zolari Akademiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash salohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Akademiya tarixi muzeyi, sport inshootlari, Axborot-resurs markazi, “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” va “Buyuk sohibqiron Amir Temur” xonalari mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Janob Li Chyol Gu ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida o‘quv tezkor-tergov guruhlari uchun maxsus jihozlangan avtobuslarni ko‘zdan kechirib, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashning o‘ziga xos yondashuviga yuqori baho berdi.
– Amir Temur shaxsi, uning markazlashgan davlat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlari, xususan, ko‘hna Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgani haqida ko‘p ma’lumotlarga egaman. Bugun dunyoning ayrim mamlakatlarida Amir Temurning jang qilish san’ati o‘qitib kelinmoqda. “Temur tuzuklari” kitobining to‘rt tilda nashr etilgan nusxasi men uchun qadrli tuhfa bo‘ldi. Buyuk ajdodlaringiz qoldirgan ulkan meros yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashi beqiyos, – dedi martabali mehmon.
Kunning ikkinchi yarmida koreyalik mutaxassislar tomonidan Akademiya kursantlari va professor-o‘qituvchilari uchun master-klass mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Unda “Politsiya faoliyatining umumiy tamoyillari”, “Profayling, jinoyatchi psixologiyasi psixologik tamoyillari va asoslarini qo‘llash”, “Jinoyatlarni oldini olish va tergov qilishda dron qurilmalardan foydalanish”, “Jinoyatlarni tergov qilishda barmoq izlari, DNK, izlarni tahlil qilish usullari” mavzuida Koreya tajribasida qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar multimediali taqdimot tarzida tushuntirib o‘tildi.
Delegatsiya a’zalarining tashrifi davom etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati