IIV Akademiyasida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiya ochilishida akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov so‘z oldi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan izchil islohotlar gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularning huquqiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan milliy qonunchilik tizimi takomillashtirib borilmoqda.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti sho‘ba mudiri Dilshod Chiniyev, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva, IIV Akademiyasi professori Qumriniso Abdurasulova va boshqalar so‘zga chiqdi.
Soha vakillarining “Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda milliy tajriba”, “Xotin-qizlarning ijtimoiy masalalarini hal etish, bandligini ta’minlash va oila masalalari”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning viktimologik choralari”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi”, “Ayollarning mehnat huquqlarini ta’minlash: muammolar va ularni hal qilish yo‘llari” mavzularidagi ma’ruzasi tinglandi.
Gender tenglikka erishishda barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda davlat va fuqarolik institutlarining hamkorligini mustahkamlash, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati