Keyingi yillarda IIV akademiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida universitet vakillari uchun navbatdagi o‘quv kursi tashkil qilindi. Shu munosabat bilan akademiya rahbari Rustam Xatamov xitoylik professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashib, muloqot qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy aloqalarining tarixiy ildizlari, ikki tomonlama munosabatlardagi mushtarak jihatlar, taraqqiyotning hozirgi bosqichida erishilayotgan ulkan natijalar, hamkorlikning porloq istiqboli e’tirof etildi.
Akademiya boshlig‘i davlatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam ishonch asosiga qurilgan do‘stona aloqalar ko‘plab strategik yo‘nalishlar, shu jumladan, ta’lim sohasida ham jadal rivojlanib, yangi imkoniyatlarni ishga solishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, keyingi sakkiz yil mobaynida Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti bilan hamkorlikda o‘nga yaqin ta’lim dasturlari amalga oshirildi. Professor-o‘qituvchilar va ta’lim oluvchilarning muntazam tajriba almashishi yo‘lga qo‘yildi. Muhimi, ikki tomonlama hamkorlik ilg‘or yutuqlarni o‘rganish bilan bir qatorda, do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jamoat xavfsizligi universiteti delegatsiyasi rahbari Xu Meng mamlakatimizga kelganidan nihoyatda mamnunligini aytib o‘tdi. “O‘zbekistonga kelgan ilk kundanoq taassurotlarimiz boyidi. Xitoy va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlikni his qildik. Biz shunchaki tajriba almashish emas, balki ilg‘or yutuqlarni o‘rganishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, hamkorlik sari yana bir muhim qadam tashladik va aloqalarimiz yangi yo‘nalishlarda yanada ravnaq topishiga ishonaman”, – dedi u.
Shu kunning o‘zida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishib, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlarni ko‘zdan kechirdilar. Axborot-resurs markazida buyuk ajdodlarimizga atab barpo etilgan xonalar, mobil kriminalistik laboratoriyalar, sport majmuasida yaratilgan sharoitlar, shuningdek ta’limni raqamlashtirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, ilmiy faoliyatni rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar universitet vakillarida ijobiy taassurot qoldirdi.
O‘quv kursi 8-noyabr kuniga qadar davom etadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati