Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ichki ishlar organlari xalqchil tuzilmaga aylanmoqda

27 Oktyabr 2025, 12:10

49

IIV akademiyasida ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Soha xodimlari, professor-o‘qituvchilar, faxriylar va magistratura tinglovchilari ishtirok etgan tadbir avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, yig‘ilganlarni samimiy muborakbod etdi.

Tadbirda mustaqillik yillari tizim faoliyatida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar tilga olindi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshilayotgan izchil islohotlar samarasida ichki ishlar organlari aholi bilan bevosita yaqin hamkorlikda ishlaydigan xalqchil tuzilmaga aylanib borayotgani e’tirof etildi.

“Jamiyatda qonun ustuvorligini, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlaydigan, hamisha elu yurtning dardu tashvishi bilan yashab, xavf-xatarlarga qarshi ko‘ksini qalqon qiladigan tizim – bu ichki ishlar organlari, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki xodimlarimiz zimmasidagi har bir vazifani muqaddas burch deb bilib, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, hayotini garovga qo‘yishga tayyor turadi”, – dedi akademiya boshlig‘i.

Bayram tadbirida hozirgi murakkab sharoitda yuzaga kelayotgan dolzarb vazifalar ham aytib o‘tildi. Zamonaviy kadrlar tayyorlash uchun ta’lim va tarbiya jarayonlarini isloh qilib borish, kursant va tinglovchilarning intellektual salohiyati, siyosiy-ma’naviy dunyoqarashi, vatanparvarlik, daxldorlik, kasbga sadoqat singari fazilatlarini yuksaltirish zarurligi ta’kidlandi.

“Muhtaram Prezdentimiz soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida tizimdagi islohotlarning ustuvor maqsadi xalqimizni rozi qilishga qaratilganini e’tirof etdilar. Shunday ekan, yurtimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etib, Yangi O‘zbekistonimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shishimiz kerak”, – dedi akademiya boshlig‘i.

Shu kuni bir guruh xodimlar idoraviy mukofotlar bilan taqdirlandi. Tadbir bayramona konsert dasturi bilan davom etib, unda Yangi O‘zbekistonimiz, obod va farovon hayotimiz, osoyishtalik posbonlarining sharafli xizmatlari madh etildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech