Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi

06 Dekabr 2025, 06:12

38

Navoiy viloyatining Karmana, Xatirchi va Tomdi tumanlaridagi to‘rtta mahalla kriminogen vaziyati murakkab hudud sifatida IIV akademiyasiga biriktirilgan.

Ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov mazkur mahallalarga borib, Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan PQ-1-son qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

“Beshkent”, “Arg‘un”, “Navbahor”, “Sharq” MFYlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda kriminogen omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar birma-bir muhokama qilindi. “Yo‘l xarita”lar ijrosi bo‘yicha mas’ullar va “mahalla yettiligi” vakillarining axboroti tinglandi.

Akademiya boshlig‘i mahallalarda yechimini kutayotgan har bir masalaga atroflicha to‘xtaldi. Ta’lim muassasasiga biriktirilgan boshqa hududlarga qaraganda mazkur mahallalarda qilinishi lozim bo‘lgan talay vazifalar borligini ta’kidladi. Mas’ullarga xavfsiz ko‘cha va uylarni tashkil etish, “jinoyat o‘choq”larida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, hududlarni qo‘shimcha kamera va tashvish tugmalari bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shuningdek, mahalla faollari bilan yoshlar jinoyatchiligi omillari ham muhokama qilindi. Ayrim o‘smir yigit-qizlar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir qilayotgani, yoshlar o‘rtasida bu kabi illatlarning barvaqt oldini olish uchun targ‘ibot tadbirlari qamrovini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, uyushmagan qatlam bilan manzilli ishlash, oilalarda ma’naviy muhitni yaxshilash, ijtimoiy profilaktikaga alohida e’tibor qaratish zarurligi aytib o‘tildi.

Akademiya boshlig‘i Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi faoliyatini ham o‘rgandi. Maskanda yaratilgan sharoitlar bilan tanishish jarayonida rahbarlar va o‘qituvchi-murabbiylar bilan muloqot qildi. Ma’naviy tahdidlar, ayniqsa kiberxurujlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda ta’lim va tarbiyani uzviy holda tashkil etish, yoshlarda axborot xurujlariga qarshi barqaror immunitet hosil qilish, ularni ona Vatanimizga sodiq, chinakam vatanparvar kadr etib tayyorlash eng muhim vazifa ekanligi aytib o‘tildi. Shu kuni tajribali o‘qituvchilar va faol o‘quvchilarga tashakkurnoma berildi.

Xizmat safari davomida viloyat Ichki ishlar boshqarmasida akademiyani tamomlagan yosh xodimlar bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Yig‘ilishda ularning faoliyati tahlil qilinib, yoshlarda xizmatga moslashish, kasbiy bilimlarni amaliyotda samarali qo‘llash, ruhiy barqarorlik hamda boshqa zarur xislatlarni shakllantirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech