IIV Akademiyasida Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yuqori darajada o‘tgan muloqotda ta’lim muassasasida barpo etilayotgan “Innovatsion ta’lim fondi” loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning yetakchi iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Xitoy ulkan salohiyatga ega davlat hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bugungi kunda 9 milliard dollarga yetgan. Muhimi, ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatlarni teng hisobga olish qadriyatlari asosida jadal rivojlanib bormoqda.
Akademiya rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi Xalqaro iqtisodiy hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari janob Zeng Hua Chengni qutlar ekan, manfaatli loyihani amalga oshirishga qiziqish yuqori ekanligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
– O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarida mustahkam ishonch va samimiy do‘stlik ruhi ustuvorlik kasb etadi. Ikki mamlakat ham strategik sheriklikni yuksak darajada qadrlagan holda barcha sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa global xavfsizlikka erishish, barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish, bu borada mavjud muammolarni hamjihatlikda hal etishda tomonlar mushtarak maqsadlarni ko‘zlaydi, – dedi Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.
O‘z navbatida janob Zeng Hua Cheng samimiy va do‘stona ruhdagi uchrashuv uchun minnatdorlik bildirdi. Uning qayd etishicha, o‘tgan davr mobaynida “Innovatsion ta’lim fondi” qurilishini jadallashtirish borasida qizg‘in ish olib borildi. Hukumatlararo kelishuvlar asosida loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli tartibda ekspertizadan o‘tkazildi. 2022-yilning dekabrida Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida ikki tomonlama bitim imzolandi. Hozirda inshoot barpo etiladigan yer maydoni, loyiha-smeta hujjatlari va boshqa texnik topshiriqlar bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelingan. Xitoy tomoni loyihani belgilangan muddatda va yuqori sifatda qurib berishdan manfaatdor.
Muloqot davomida Xitoy Xalq Respublikasining grant mablag‘lari hisobidan barpo etilayotgan mazkur loyihaning ahamiyati, texnik-iqtisodiy jihatlari xususida fikr almashildi. Tomonlar Markaziy Osiyoda muqobili bo‘lmagan “Innovatsion ta’lim fondi” zamonaviy imkoniyatlari hamda istiqboldagi ulkan loyihalarga yo‘l ochishi bilan muhimligini e’tirof etishdi.
Shu kuni delegatsiya a’zolari Akademiya ta’lim jarayoni bilan ham tanishdilar. Kadrlar tayyorlashning ilg‘or yondashuvlari, tinglovchi va kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, “Smart-Akademiya” platformasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa raqamli ta’limni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati