Ichki ishlar vazirligi akademiyasida AQSh Milliy mudofaa universitetining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (NESA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va AQSh munosabatlarida ko‘p qirrali hamkorlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari ustuvorlik kasb etadi. Ayniqsa xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarning oldini olish borasida konstruktiv muloqot muhiti yaratilgan. Shu nuqtai nazardan AQSh O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.
Muloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish bilan birga, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi. Delegatsiya rahbari, strategik tadqiqotlar markazi vakili Rojer Kangas O‘zbekistonning mintaqa davlatlari hamjihatligi yo‘lidagi faol tashabbuslarini alohida e’tirof etdi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning jadal rivojlanayotganidan mamnunman, – dedi R. Kangas. – Hozirgi global sharoitda ta’lim sohasini ko‘p tomonlama hamkorlik integratsiyasini yo‘lga qo‘ymay turib, ravnaq toptirib bo‘lmaydi. Bugungi tashrifdan manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali barqaror taraqqiyotga xizmat qiluvchi ta’lim dasturlarini amaliyotga joriy etishni ko‘zlaganmiz. Muhimi, har ikki tomonda ham o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirishga intilish mavjud.
IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov kadrlar tayyorlash jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, mintaqaviy xavfsizlik yo‘nalishida tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
– Akademiyani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab olganmiz. Bu borada jahonning rivojlangan mamlakatlari, jumladan, AQSh ta’lim muassasalari bilan ko‘pvektorli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Samimiy muloqotimiz hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi, – dedi Akademiya rahbari.
Uchrashuvda zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ilg‘or tajribalarni almashish, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tadqiqotlar olib borish, dolzarb mavzularda seminar-trening va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, “ta’limda ko‘mak” tamoyili asosida istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, bu borada mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish borasida fikr almashildi.
Shundan so‘ng mehmonlar Akademiya infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. AQShlik mutaxassislarga ta’lim jarayoni, mutaxassislik yo‘nalishlari, ta’lim maskanining ilmiy salohiyati, o‘quv jarayoniga joriy qilingan yangi yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. Ma’naviyat va ma’rifat markazi, sport majmuasi, Axborot-resurs markazida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Kunning ikkinchi yarmida Rojer Kangas, Hasan Abbos va Mishel Xansen tomonidan professor-o‘qituvchilar hamda magistratura tinglovchilari uchun “Mintaqaviy va transchegaraviy tahdidlarning oldini olish” mavzuida master-klass mashg‘uloti o‘tkazildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati