Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5117-son qarorida ta’lim sifatini tubdan oshirish, chet tillarini o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish borasida qator vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Ta’limda tillarni o‘qitishning dolzarb masalalari: muammo, tahlil va yutuqlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyalari professor-o‘qituvchilari, tilshunos olim va mutaxassislar, shuningdek ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlar ishtirok etdi.
Soha vakillari ta’limda tillarni o‘qitishning dolzarb muammolari, xorijiy tillarni o‘qitishning innovatsion imkoniyatlari, ta’lim jarayonida an’anaviy va noan’anaviy yondashuvlardan foydalanish, til o‘rganishda mustaqil ta’limning ahamiyati, faoliyatni o‘quv-metodik jihatdan ta’minlash va boshqa dolzarb masalalar xususida atroflicha fikr almashdilar. “Davlat tilini o‘qitishning dolzarb muammolari”, “Hozirgi o‘zbek terminologiyasini tartibga solish muammolari va yechimlari”, “Ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘qitishda maqollarning paremiopragmatik roli”, “Bo‘lajak yuristlarning axloqiy fazilatlarini shakllantirishda nutq madaniyatining o‘rni” kabi mavzularga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Mutaxassislar tomonidan tillarni o‘qitishning samarali yo‘llariga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati