Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

QIYNOQQA QARSHI XALQARO ANJUMAN

20 Dekabr 2024, 07:12

71

IIV akademiyasida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir manfaatdor vazirlik va idoralar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, qator xalqaro tashkilotlarning mintaqaviy vakolatxonalari, shuningdek, mamlakatimiz hamda xorijning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Anjuman avvalida IIV akademiyasi rahbari R. Xatamov va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov so‘z olib, konferensiyaning dolzarb ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.

Ta’kidlanganidek, qiynoqlar insoniyatga qarshi jinoyat sifatida butun dunyoda qoralanadi. Qiynoqlarga chek qo‘yishga qaratilgan amaliy harakatlarga qaramay, ushbu muammo butunlay barham topgani yo‘q. Bugungi kunda jahonning turli nuqtalari, hatto, eng demokratik davlatlarda ham g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi holatlar uchrab turadi.

Xalqaro konferensiyada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) F. Eshmatova, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari S. Ortiqova, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili O. Stolp, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) S. Rahmonova, YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili E. Yurkovskiy, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori o‘rinbosari V. Ergashev, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye. Kolenko va boshqalar nutq so‘zladi. Qiynoqlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Keyingi yillarda inson qadr-qimmati O‘zbekistonda eng oliy qadriyatga aylangani, shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilish, qiynoqlarga qarshi kurashish maqsadida davlatimiz rahbarining muhim farmon va qarorlari qabul qilingani, mazkur yo‘nalishdagi islohotlar samarasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aks etgani e’tirof etildi.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiya ishi “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishning xalqaro huquqiy asoslari va O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi”, “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyatiga qarshi kurashishning o‘ziga xos xususiyatlari”, “O‘zbekiston Respublikasining jazoni ijro etish siyosatida mahkum bilan muomala bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish” mavzuidagi sessiyalarda davom ettirildi.

Soha mutaxassislari, olimlar, xorijiy va mahalliy ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi. Qiynoqlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro va milliy tajribaning ilg‘or jihatlari asosida huquqni qo‘llash amaliyoti uchun samarali yondashuvlar ishlab chiqish bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar bildirildi. Hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan konferensiya rezolyusiyasi qabul qilindi.

Shu kuni anjuman doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech