Tadbirda taniqli kino arboblari, film ijodkorlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Premyeradan oldin IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov, Respublika Kinematografiya agentligi bosh direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, senariy muallifi Nabi Jaloliddin, rejissyor Husan Rashidovlar so‘zga chiqib, Abdulhamid Cho‘lponning ibratli hayoti, kelgusi avlodlar uchun qoldirgan boy ma’naviy merosi, hujjatli filmning yaratilish jarayoni haqida to‘xtalib o‘tdilar. Kursant yoshlar tomonidan Cho‘lpon ijodidan she’riy parchalar ijro etildi.
– Cho‘lpon shaxsini anglash, ijodining cheksiz qudratini chuqur his etish uchun, avvalo, u yashab o‘tgan davrni hisobga olish zarur. Uning iste’dodli shoir sifatida shakllanishida jadidchilik g‘oyalarining ta’siri kuchli bo‘ldi. Zabardast shoir milliy uyg‘onish tarixining o‘ziga xos manzaralarini yorqin va haqqoniy yoritib bergan edi, – dedi R.Xatamov.
Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Media Illusion” studiyasi va IIV Akademiyasi hamkorligida suratga olingan kartina adib hayotining murakkab yillari haqida hikoya qiladi. Film boshlanishida bir uyum kitoblarning o‘tda yoqilishi aks etgan lavha bor. Bo‘lg‘usi adibning ulg‘ayish yillari millat ma’naviyatiga qarshi ayovsiz kurash boshlangan tahlikali davrga to‘g‘ri keladi. Mustabid tuzumning xalqimiz boshiga solgan azobu uqubatlari millatparvar shoir dunyoqarashida keskin burilish yasaydi. U jadidchilik harakatining yetuk namoyandasi sifatida sho‘rolar siyosatining jirkanch oqibatlariga qarshi ayovsiz kurashadi. Asar qahramonining fojiali taqdiri Turkiston o‘lkasida ro‘y bergan ziddiyatli voqealar asnosida rivojlanadi. Kartina ijodkorlari Cho‘lponning ichki kechinmalari, otashin tug‘yonlari yorqin bo‘yoqlar bilan tasvirlagani e’tiborga molik.
– Ma’rifatparvar bobolarimizni qancha xotirlasak ham, ular oldidagi ma’naviy qarzimizni uzolmaymiz, – deydi adabiyotshunos olim Shuhrat Rizaev. – Muhtaram Prezidentimiz 2020-yilning 20-may kuni Adiblar xiyoboniga tashriflari chog‘ida: “Adabiyot – xalqning yuragi, elning ma’naviyatini ko‘rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak”, degan edilar. Qarangki, ushbu ezgu tashabbus ma’naviy hayotimizga yangicha mazmun-mohiyat kasb etib, “Xalq yuragi” turkumi ostida buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan filmlar dunyoga keldi.
Yangi filmning yorqin taassurotlarga boyligi tadqimotda ishtirok etgan taniqli ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, muxlislar tomonidan alohida e’tirof etildi.