Inson huquqlarini ta’minlash yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun mintaqa davlatlari va jahon hamjamiyatining doimiy e’tiborida bo‘lmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman “Ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlarini ta’minlash: O‘zbekiston tajribasi” mavzuiga bag‘ishlandi.
BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan anjumanni ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov ochdi.
Aytib o‘tilganidek, so‘nggi yillarda sohaga oid O‘zbekiston Respublikasining 8 ta qonuni, Prezidentimizning 10 ta farmon va qarori, shuningdek 20 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mahkumlar huquqlarini amalda kafolatlashning samarali mexanizmlari yaratildi. Xususan, amaliyotga birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning pensiya va ijtimoiy sug‘urta olish tartibi kiritildi. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarga saylovlarda ishtirok etish huquqi berildi. Homilador va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor mahkuma ayollarga nisbatan bir qator qo‘shimcha yengillik va huquqlar berildi.
Mahkumlarning yashash va ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat qilish sharoitlari yaxshilandi. Har bir mahkumga o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlashni so‘rab muassasa yoki organga ariza (xabar) bilan murojaat qilish huquqi berildi. Amaldagi qonunchilikka ozodlikni cheklash hamda majburiy jamoat ishlari tarzidagi yangi jazo choralari kiritilib, ularni axloqan tuzatish va ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha profilaktik tadbirlar kuchaytirildi. Bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarga nisbatan afv instituti muntazam ravishda qo‘llanmoqda.
Ilmiy-amaliy anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova so‘zga chiqib, jazoni ijro etish tizimida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning hozirgi holati, bu borada O‘zbekiston tajribasida erishilayotgan yutuqlar, istiqboldagi ustuvor vazifalar, Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini mustahkamlash masalalariga to‘xtaldilar.
Anjuman doirasida “O‘zbekiston Respublikasi jazoni ijro etish tizimida inson huquqlari bo‘yicha vakilning faoliyati”, “Ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar xavfsizligini ta’minlashning kriminologik muammolari”, “Yevropa penitensiar tizimlarining inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha tajribasi”, “Yangi O‘zbekiston strategiyasida mahkumlarning huquq va erkinliklarini liberallashtirish” kabi mavzularda ma’ruzalar, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlari vakillarining fikr-mulohazalari tinglandi.
Ekspert va mutaxassislar tomonidan jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida mahkumlarning huquq va erkinligi hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni axloqan tuzatishning samarali usul va shakllarini amaliyotga joriy qilish, jazoni ijro etish muassasasida tartibotni mustahkamlash, xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilg‘or tajribalarini o‘rganishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Konferensiya yakuni va natijalari bo‘yicha ilmiy maqolalar to‘plamini chop etish rejalashtirilgan.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati