Yurtimizda mahallalarni obod va xavfsiz hududga aylantirish, aholi bilan samarali muloqot qilish, muammolarni manzilli hal etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Zero, yurt tinchligi mahalladan boshlanadi.
IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilarining Qashqadaryo viloyatiga safari davomida ayni jihatlar e’tibor markazida bo‘ldi. Mahalla faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda kriminogen vaziyat bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha samarali tizim yaratilgan. Hamjihatlikda amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga erishilmoqda. Shunga qaramay, ayrim hududlarda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i oshgan.
Ishchi guruh vakillari tomonidan “qizil” toifadagi mahallalar ahvoli o‘rganilib, kriminogen vaziyatga salbiy ko‘rsatayotgan omillar tahlil qilindi. Mas’ullarga huquqbuzarliklar profilaktikasini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, “yashil” hududlarning ijobiy tajribasini ommalashtirish, har bir muammoga yechim topish, bu borada “mahalla yettiligi” tizimi imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Hududlarni o‘rganish davomida aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, huquqiy targ‘ibot ishlari ta’sirchanligini oshirish, jinoyatchilikka imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, tizimdagi keng ko‘lamli islohotlar, rahbarlarga qo‘yilayotgan dolzarb talablar yetkazildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati