Yoshlarning ma’naviy yetukligi, zamonaviy bilimlarni egallashga bo‘lgan qiziqishi va kasb-hunar egallashga bo‘lgan ishtiyoqi mamlakat kelajagini belgilaydi.
Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablarining talaba va o‘quvchilarini kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Ma’rifat ulashib” loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu loyiha doirasida Poytaxtimizda barpo etilgan Adiblar xiyobonida IIV Akademiyasi va P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi bilan hamkorlikda ijodiy tadbir tashkil etildi.
Cho‘lpon haykali poyida grafika yo‘nalishida portret chizish maydonchasi tashkil qilinib, iste’dodli yoshlar ona-Vatanga muhabbat, sadoqat va shukronalik his tuyg‘ularini, o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan cheksiz hurmatlarini o‘z ijodiy ishlarida namoyon etdilar.
Bu kabi tadbirlar yoshlarni adabiyotga va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga, yangi iste’dodlarni ro‘yobga chiqarishga va albatta yoshlar o‘rtasida sog‘lom do‘stona muhitni qaror toptirishga xizmat qilishi shubhasiz.
IIV akademiyasi Axborot xizmati