Shu munosabat bilan IIV akademiyasi saf maydonida bo‘lib o‘tgan tadbir avvalida davlat madhiyamiz yangradi.
Ta’lim muassasasi rahbariyati, saf qismi ofitserlari va kunduzgi ta’lim kursantlari ishtirok etgan tadbirda akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Sherzod Tadjimetov so‘z olib, yig‘ilganlarni mustaqillik bayrami hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, ichki ishlar organlaridagi yangilanishlarga hamohang ravishda akademiyadagi ta’lim jarayonlari ham isloh qilib borilmoqda. Keyingi yillarda nazariya va amaliyot uyg‘unligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa dual ta’lim tizimining samarali yo‘lga qo‘yilgani yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Joriy o‘quv yilida ham o‘qitishning ilg‘or yondashuvlarini tatbiq qilish, ta’limni raqamlashtirish, maskanning moddiy-texnika bazasini zamon talablari darajasida kuchaytirish va boshqa yo‘nalishlardagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Tadbirda 2024/2025 o‘quv yili davomida belgilab olingan usuvor maqsad va vazifalar aytib o‘tildi. Kursantlar kasbiy bilim va jangovar-jismoniy ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirishlari, o‘quv va xizmat intizomiga qat’iy amal qilishlari, zamonaviy imkoniyatlardan oqilona foydalanishlari zarurligi ta’kidlandi.
Shu kuni o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir guruh a’lochi, faol va tashabbuskor kursantlar taqdirlandi. Xizmat burchini sidqidildan ado etib kelayotgan xodimlarga esa Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari topshirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati