Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Maqsadimiz bir, yutuqlarimiz mushtarak

02 Sentyabr 2025, 10:09

60

IIV akademiyasida mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Soha faxriylari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar ishtirok etgan tadbirda istiqlol yillari erishilgan yutuq va marralar, yangi O‘zbekistonda kechayotgan shiddatli islohotlar e’tirof etildi.

Tadbir avvalida o‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, yillar o‘tgani sayin eng ulug‘, eng aziz ne’mat bo‘lmish mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

Istiqlol tufayli milliy o‘zligimiz, tariximiz, qadriyatlarimiz tiklangani, xalqimiz o‘z taqdiri va taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash, erkin va farovon hayot barpo etish huquqini qo‘lga kiritgani, O‘zbekiston dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin olgani aytib o‘tildi.

– Ayniqsa, keyingi yillarda milliy taraqqiyotimizning yangi davriga qadam qo‘ydik. Islohotlarimiz ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya chuqur singdirildi. Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerakligi asosiy mezonga aylandi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish shunchaki balandparvoz maqsad emas, aksincha umummilliy harakatga aylandi, – dedi akademiya boshlig‘i.

Bayram tadbirida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida hayotimizning barcha jabhalarida erishayotgan yutuqlarga aniq raqamlar misolida to‘xtalindi. Bu natijalar mustaqillik sharofati, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat, inson manfaatlari yo‘lidagi islohotlarning amaliy natijasi ekanligi e’tirof qilindi.

Akademiya boshlig‘i ta’lim maskani tashkil topgan sanaga ham to‘xtalib, so‘nggi yillar o‘quv dargohi uchun tom ma’noda yuksalish davri bo‘lganini, istiqboldagi ulkan reja va marralar ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shu kuni bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Vatan, tinchlik, istiqlol shukuhini tarannum etgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech