Jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar mahallalarni obod va xavfsiz hududga aylantirishga qaratilgan.
Ayni kunlarda IIV Akademiyasi ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyatida o‘rganishlar olib borilmoqda. Bunda har bir hududning kriminogen holati, sodir etilgan jinoyatlar sabablari, ularga imkon yaratgan shart-sharoitlar, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va kamchiliklar ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, hududlarda ayrim jinoyatlar soni kamaygan bo‘lsa-da, umumiy kriminogen vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagan. Xususan, firibgarlik, bezorilik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari va boshqa turdagi jinoyatlar salmog‘i o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgan. Bugungi kunda mahallalarning 182 tasi “yashil”, 67 tasi “sariq” va qolgan 59 tasi “qizil” toifaga kiritilgan.
Ishchi guruhi vakillari tomonidan Jizzax shahri, Sharof Rashidov, G‘allaorol, Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod, Zomin, Mirzacho‘l, Paxtakor, Forish tumanlaridagi kriminogen vaziyati murakkab mahallalar joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Mas’ul rahbarlar, sektorlar mutasaddilari, “mahalla beshligi” vakillari ishtirokida jinoyatchilikni keskin kamaytirish, bunga sabab bo‘layotgan va shart-sharoit yaratayotgan omillarni bartaraf etish, aholi, ayniqsa yoshlar bilan manzilli ishlash, ular o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bundan tashqari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlari uchun o‘quv mashg‘uloti o‘tkazilib, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash borasidagi dolzarb talablar yetkazildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasini har bir mahalla, oila va shaxs kesimida amalga oshirish mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Joylardagi uchrashuvlar chog‘ida mazkur faoliyatga tatbiq qilingan samarali mexanizmlar, ayniqsa Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan medotik qo‘llanmalarning mazmun-mohiyati ham tushuntirilmoqda. Albatta, bu ham faoliyat natijadorligini oshirishi, shubhasiz.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati