Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Magistratura bitiruvchilariga diplomlar topshirildi

06 Avgust 2024, 12:08

999

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida magistratura tinglovchilarining bitiruv marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, ta’lim muassasasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ochib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etdi. Keyingi yillarda soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari yangi bosqichga olib chiqilgani, akademiyada bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli ta’lim tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Ta’lim muassasasi rahbari magistraturaning ustuvor jihatlariga to‘xtalar ekan, o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar tinglovchilarni ichki ishlar organlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlarini boshqarishga qodir universal rahbar etib tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi. 

Shundan so‘ng “tashkiliy-strategik boshqaruv” hamda “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishlarini tamomlagan tinglovchilarga birinchi va ikkinchi darajali magistr-yurist malakasi beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhammedov bitiruvchilarni tabriklab, hozirgi islohotlar davrida rahbar kadrlar oldida dolzarb vazifalar turganini alohida ta’kidladi. “Tizim xalqchilligini ta’minlash barcha bo‘g‘indagi rahbarlarga bog‘liq. Buning uchun har bir rahbar o‘z faoliyatini tanqidiy baholab borishi, xalqimizning dardu tashvishi bilan yashashi, yetuk bilimi, boshqaruv salohiyati va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini namoyon etib, zimmasidagi ishonchni munosib oqlashi kerak. Sizlar yangi avlod kadrlari sifatida ana shunday mas’uliyatli yo‘l oldida turibsiz”, dedi u.

Tadbirda bitiruvchilar nomidan Temurbek Altmishev va Abdumalik Majidovlar so‘zga chiqib, akademiyadagi zamonaviy ta’lim jarayonlari, tinglovchilar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlarni e’tirof etdilar. Safdoshlarining ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilish yo‘lidagi sharafli xizmat faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech