Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

KRIMINOGEN OMILLAR ILMIY YONDASHUVLAR ASOSIDA O‘RGANILYAPTI

12 Noyabr 2024, 09:11

267

Shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari poytaxtimiz va Toshkent viloyatining 8 ta tumanida ish olib bormoqda.

Ishchi guruhlar zimmasiga hududlarning kriminogen vaziyatini ilmiy yondashuvlar asosida kompleks o‘rganish va mavjud muammolarni hududiy ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bartaraf etish vazifalari yuklatilgan.

O‘rganishlar davomida sodir etilgan jinoyatlarning sabab va sharoitlari bilan bir qatorda, kriminogen vaziyatga salbiy ko‘rsatayotgan omillarga alohida e’tibor qaratilyapti. Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, natijadorligi baholanmoqda.

Aholini muammolarini hal etish, fuqarolarimiz osoyishtaligini ta’minlashda “mahalla yettiligi”ning alohida o‘rni bor. Mazkur tizimning samarali yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab masalalarni joyida hal etish imkonini bermoqda. Shu bois, hududlarni o‘rganish jarayonida “qizil” toifadagi mahallalarda ham tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Mavjud holat faollar ishtirokida muhokama qilinib, mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish choralari ko‘rilmoqda.

– Jinoyatchilikni o‘rganishda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olish lozim, – deydi Bektemir tumaniga biriktirilgan ishchi guruh rahbari, podpolkovnik Bekzod Umrzoqov. – Hududlarning kriminogen vaziyatini tahlil qilish natijasida aksariyat jinoyatlarga huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar qo‘l urayotgani ayon bo‘lmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida manzilli profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

Jinoyatchilikni jilovlashda huquqiy targ‘ibot tadbirlari ta’sirchan vositalardan biri sanaladi. Ayni maqsadda mahallalar va ta’lim muassasalarida uchrashuvlar tashkil qilinib, jinoyat sodir etishning huquqiy oqibatlari atroflicha tushuntirilmoqda. Ayniqsa umumta’lim maktablarida o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga qiziqtirish, turli yot illatlardan ogohlikka chorlashda ayni muddao bo‘lmoqda.

Aytish joizki, kriminogen vaziyatini barqarorlashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga akademiya magistraturasi tinglovchilari va kunduzgi ta’lim kursantlari ham faol jalb qilingan. Hamkorlikda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar jamoat tartibini saqlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, eng muhimi, aholi osoyishtaligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech