Ichki ishlar vazirligi akademiyasi mezbonlik qilgan uchrashuvga vazirlik Faxriylar kengashining bir guruh faollari taklif etildi. Yoshlar bilan muloqot chog‘ida iste’fodagi general-mayor Habibullo Hojimatov, iste’fodagi polkovniklar G‘ayrat Boltaboev, Akbar Jalilov, Avaz Azizxo‘jaev, Abdug‘ofur Sattorovlar ishtirok etdilar.
Tizim fidoiylarining e’tiroficha, yurtimizda yoshi ulug‘ insonlar hamisha yuksak e’zoz va ehtiromda bo‘lib kelgan. Muhtaram Prezidentimizning g‘amxo‘rligi va inson manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirayotgan ulkan islohotlari natijasida nuroniylar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularning jamiyat hayotidagi ijtimoiy mavqei yanada oshirilmoqda.
Tadbirda ichki ishlar organlari faxriylari ko‘p yillik xizmatlari davomida erishgan yutuqlari, mashaqqatlarga boy faoliyatlari, “ustoz-shogird” an’analarining tarbiyaviy jihatlari haqida so‘zlab berdilar. Keksalarni qadrlash orqali unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy an’ana va qadriyatlarimiz chuqur hurmat ruhida kamol toptirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani e’tirof etildi.
Shu kuni respublikamiz ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan chop etilgan “El-yurt osoyishtaligi generallari” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur qo‘llanma mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan fidoiy xodimlarning ibratli hayoti va faoliyatini yoshlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ichki ishlar organlarining shonli tarixini asrab-avaylash, soha xodimlari va faxriylariningkelgusi avlodlarga namuna bo‘ladigan jasoratini, ona Vatanimiz tinchligi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan hamkasblarimiz xotirasini abadiylashtirish bugungi kunning muhim vaziflaridan biridir, Kitobni o‘qigan yurtdoshlarimiz O‘zbekiston ichki ishlar organlarining ana shunday generallari bilan faxrlanishi, shubhasiz, – dedi risola muallifi, iste’fodagi polkovnik A.Sattorov.
Eslatib o‘tamiz, haftalik doirasida IIV Akademiyasi rahbariyati tashabbusi bilan soha faxriylarining holidan xabar olish, ularni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli tadbirlar davom etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati