Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi

09 Dekabr 2023, 12:12

617

Joriy yilning 4-8-dekabr kunlari IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Samarqand viloyatining kriminogen vaziyati o‘rganildi.

Faoliyat davomida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov rahbarligidagi ishchi guruh vakillari “qizil” toifadagi mahallalarga chiqib, hududlarning kriminogen ahvoli bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, Samarqand shahri, Oqdaryo, Samarqand, Pastdarg‘om va Bulung‘ur tumanlarining “Bog‘isaroy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Kumushkent”, “Yangi hayot”, “O‘zbekiston”, “Navro‘z”, “Xo‘ja Ahror Valiy”, “Bo‘zi”, “Yangi ariq”, “Gumbaz”, “Amir Temur”, “Mehrjon”, “Bulung‘ur”, “Yangiqo‘rg‘on”, “Samarqand”, “Ulug‘bek”, “Bog‘bon” mahallalarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda mavjud holat mas’ullar va “yettilik” a’zolari ishtirokida muhokama qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda firibgarlik, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik va yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. Masalan, firibgarliklarning aksariyati fuqarolarni xorijga yuborish, ish yoki ishga joylashtirib qo‘yish, uy-joy oldi-sotdisi va boshqa shu kabi holatlarda sodir qilingan. O‘g‘rilik jinoyatlariga esa aholining o‘z mol-mulkini qarovsiz qoldirayotgani, jamoat joylari va aholi gavjum maskanlarning kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olinmagani shart-sharoit yaratmoqda. 

O‘rganishlar jarayonida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarga alohida e’tibor qaratildi. Mahalla faollariga ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil etish, aholi bandligiga ko‘maklashish, yoshlar, ayniqsa huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bilan manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkazish, ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib tadbirkorlikni rivojlantirish orqali jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. 

Bundan tashqari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlari va sohaviy xizmatlar rahbarlari uchun qisqa muddatli o‘quv seminari tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash va kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha talablar yetkazildi.

Bir so‘z bilan aytganda, “mahallabay” tizim asosida olib borilgan o‘rganishlar davomida hududlarning kriminogen vaziyatiga bog‘liq hech bir masala e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Galdagi ustuvor vazifa jinoyatchilikning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan takliflarni amaliyotga samarali tatbiq etishdir.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech