Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Jamoatchilik e’tiboridagi masala muhokama qilindi

11 Yanvar 2024, 08:01

814

10-yanvar kuni Oliy Majlis Senatida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senatorlar, qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos olimlar hamda OAV xodimlari ishtirok etgan majlisda “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama markazida bo‘ldi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qonunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internet axborot tarmog‘iga joylashtirish uchun javobgarlik belgilanmoqda.

– Masalaning bir jihatiga alohida e’tibor qaratish kerak. Milliy qonunchiligimizda xodimlarni tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda. Bu borada xorij tajribasini ham chuqur tahlil qildik. Qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangani, muayyan choralar belgilanganini ko‘rish mumkin, – dedi qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda fuqarolar tomonidan xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari 253 marta foto va videotasvirga olinib, internet tarmoqlarida tarqatilgan. Mazkur videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Bu kabi holatlar xodimlarning xalq orasida obro‘sizlanishiga olib kelmoqda.

Majlisda mazkur norma aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Dolzarb masala yuzasidan qonun tashabbuskorlari, shuningdek, IIV akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti olimlarining fikrlari, taklif hamda mulohazalari tinglandi. Qo‘mita vakillarining aytishicha, qonun mutaxassis va ekspertlar, jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda yana muhokama qilinadi.

IIV akademiyasi axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech