Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

JAMOAMIZ PESHQADAM, AMMO HAL QILUVCHI O‘YINLAR OLDINDA

27 Oktyabr 2021, 05:10

521

IIV Akademiyasi sport majmuasida o‘tkazilayotgan minifutbol  turnirining ikkinchi kuni guruhda qo‘shpeshqadamlikni yuzaga keltirdi.

Dastlab maydonga Bojxona instituti va Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi futbolchilari tushdi. Har ikki jamoa birinchi turda mag‘lubiyatga uchragani bois, uchrashuvning keskin kurashlar ostida o‘tishi oldindan ma’lum edi. Bahs ham shunga mos teng kurashlar ostida kechdi. Har ikkala taymda 2 tadan to‘p kiritgan jamoalar yakunda durangga erishib, dastlabki 1 ochkoni qo‘lga kiritdilar. 

Qurolli Kuchlar akademiyasi turnirni yirik g‘alaba bilan boshlab, kubok uchun asosiy da’vogar ekanini namoyon etgan edi. Harbiylar ikkinchi turda Jamoat xavfsizligi universiteti futbolchilari bilan kuch sinashdilar. Raqib darvozasini ishg‘ol qilish bobida mahsullik susaygan bo‘lsa-da, g‘alaba bu gal ham Qurolli Kuchlar akademiyasi tomonda bo‘ldi. Yakuniy hisob 3:1.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi sharafini himoya qilayotgan futbolchilarimiz ketma-ket ikkinchi bor zafar quchishning uddasidan chiqishdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasiga qarshi maydonga tushgan vakillarimiz raqib darvozasini 7 marotaba ishg‘ol qilishdi. Uchrashuv so‘nggiga qadar o‘tkazib yuborilgan 2 gol hisobning qisqarishiga xizmat qildi, xolos – 7:2.     

Shu tariqa ikki tur natijasiga ko‘ra 6 ochko jamg‘argan jamoamiz musobaqa peshqadami bo‘lib turibdi. Qurolli Quchlar akademiyasi to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoat xavfsizligi universitetida 3 ochko mavjud bo‘lsa, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi va Bojxona instituti 1 ochko bilan keyingi o‘rinlarni band qilishgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi jamoasi esa hali biron ochkoni qo‘lga kiritganicha yo‘q.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech