Jamiyatda yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qo‘rg‘onini mustahkamlashda ayollarning o‘rni beqiyos. Xotin-qizlar munosib qadrlangan yurtda tinchlik, farovonlik va yaratuvchanlik hukm suradi.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov so‘z olib, yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi.
Akademiya boshlig‘i inson qadri yuksalayotgan yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikni e’tirof etib, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lash Yangi O‘zbekistonning davlat siyosatida yetakchi o‘rin egallashini alohida ta’kidladi.
– Ayollarimiz zimmasida mas’uliyatli vazifalar ko‘p, shular ichida eng ulug‘i va sharaflisi farzand tarbiyasidir. Chunki mamlakatimizning buguni va ertasini o‘g‘il-qizlarimiz belgilaydi. Shunday ekan, kelajagimiz davomchilarini yetuk bilimli, yetuk salohiyat va ma’naviyatli, chinakam vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish sizlarning, fidoyi onalarning qo‘lida, – dedi akademiya boshlig‘i.
Tadbirda o‘quv dargohida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning ibratli faoliyati, turli jabhalarda erishayotgan yutuqlari e’tirof etildi. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish, soha uchun yangi avlod kadrlarini tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ishtirokini kuchaytirish, olima ayollar safini kengaytirish, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish ustuvor vazifalar ekanligi ta’kidlandi.
Bayram tadbirida faol va tashabbuskor xotin-qizlar Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari hamda akademiya boshlig‘i tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Badiiy havaskorlik jamoalarining Vatan, ona, munis ayollar haqidagi kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati