IIV akademiyasida ichki ishlar organlarining xalqchilligi va nufuzini oshirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ta’lim muassasasi rahbariyati va faxriylar ishtirokida o‘tgan uchrashuvda sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xodimlarga qo‘yilayotgan dolzarb talablar, faoliyatni takomillashtirish masalalari, bu boradagi ayrim muammolar va ularning yechimlari xususida so‘z bordi.
Akademiya boshlig‘i ichki ishlar organlari xalqchil tuzilma sifatida yangicha qiyofa kasb etib borayotgani, hozirgi murakkab sharoitda sohaning faoliyat samaradorligini oshirish, aholi bilan doimiy muloqoti va hamkorligini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Ana shu maqsadda keyingi yillarda kadrlar tayyorlash jarayonlari tubdan isloh qilingani, xodimlarning kasbiy o‘sishi uchun “uzluksiz o‘quv kar’era” tizimi yo‘lga qo‘yilgani, ma’naviy-ma’rifiy ishlar yangi bosqichga olib chiqilib, jangovar va jismoniy tayyorgarlik mezonlari takomillashtirib borilayotgani qayd etildi.
Muloqotda xodimlar faoliyati bilan bog‘liq kamchiliklar aytib o‘tildi. Ayrim xodimlarda fuqarolar bilan muloqot qilish, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish, OAV xodimlari va blogerlar bilan hamkorlik qilish ko‘nikmalari yetishmasligi aytib o‘tildi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun xodimlarning bilim salohiyati, kasbiy fazilatlari, vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, tizimda ustoz-shogirdlik an’nalarini kuchaytirish, katta avlod vakillarining boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish ijobiy natija berishi ta’kidlandi.
Muloqot davomida faxriylarning fikr-mulohazalari, tizimni rivojlantirishga qaratilgan takliflari tinglandi. Kelgusida bu kabi salbiy holatlarning barvaqt oldini olish uchun ta’lim-tarbiya jarayonlarini kuchaytirish, yosh avlodni har tomonlama professional kadrlar etib tayyorlash, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, tizimning ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish, bu borada hududiy ichki ishlar organlariga metodik ko‘maklashish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati