Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 1 milliarddan ortiq bola turli xil zo‘ravonliklarga duchor bo‘ladi. Keyingi o‘n yilda ayrim mintaqalarda ro‘y bergan harbiy to‘qnashuvlar natijasida 2 milliondan ziyod bola nobud bo‘lgan. Bugungi kunda har o‘ninchi bola kattalarning beshafqat harakatlari qurboniga aylanmoqda. Ko‘plab bolalar jismoniy va ruhiy tazyiq odatga aylangan oilalarda yashashga majbur.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar vakillari, olimlar, ekspertlar, oliy ta’lim va ilmiy-amaliy tadqiqot muassasalari mutaxassislari ishtirok etgan anjumanda bola huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda bola huquqlari sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Sohaga oid bir qator qonunlar hamda qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Amaldagi qonunlar va kodekslarga bolalarga nisbatan turli tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarini bartaraf qilish bo‘yicha juda muhim o‘zgarishlar kiritildi. Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti ta’sis etildi.
Konferensiyada Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova, Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Azim, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professori Nargiza Ashurova, Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Isroilov va boshqalarning ma’ruzalari tinglandi.
Mazkur sohadagi islohotlar bilan bir qatorda, bolalarning Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan huquq va manfaatlarini himoya qilishda ichki ishlar organlari faoliyatini kuchaytirish, bola huquqlariga oid qonunchilik normalari va talablarining ijrosini ta’minlash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishning samarali mexanizmlarini yaratish yuzasidan taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
Shu kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) hamda Kriminologiya tadqiqot instituti o‘rtasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati