IIV akademiyasi boshlig‘i Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida tashkil etilayotgan amaliyot jarayonlari bilan tanishdi.
Hozirgi globallashuv sharoitida sifatli ta’limga, xususan, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga talab yuqori. Dual ta’lim tizimi ayni jihatlari bilan yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki, joriy o‘quv yilidan akademiyada ham dual formatda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Hafta davomida poytaxt ichki ishlar organlarida tashkil etilayotgan amaliyotlar kursantlarni tanlagan ixtisosligining yetuk malakali mutaxassisi bo‘lishida puxta zamin yaratmoqda.
Akademiya boshlig‘i amaliyot mashg‘ulotlari bilan tanishish chog‘ida mas’ullar bilan suhbatlashdi. Ayrim xodimlar kundalik faoliyati davomida turli holatlarga, ayniqsa fuqarolar va OAV vakillari bilan muloqot qilishda muammolarga duch kelayotgani, shundan kelib chiqib kursantlar bilan ishlashda ularning nostandart sharoitlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
“Bugungi kunda jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlari paydo bo‘lmoqda. Amaliyot faqat nazariy bilimlarni mustahkamlash bilan cheklanib qolmasligi, kursantlarimiz hududlarning kriminogen vaziyati bilan yaqindan tanishib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlarni o‘rganib borishi kerak”, - dedi akademiya boshlig‘i.
Shu kuni mas’ullar va murabbiylarga tavsiyalar berilib, yangi tizim asosida ta’lim sifatini yanada oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati