Poytaxtimizning Sergeli tumanida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida yoshlarni giyohvandlik va ekstremistik oqimlar ta’siridan ogoh etishga qaratilgan huquqiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
IIV akademiyasi magistraturasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan uchrashuvda texnikum rahbariyati, o‘quvchi yoshlar va bir guruh o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, kelajak avlodlar taqdiri yo‘lida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, shu bilan birga, yoshlar ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, ularning oldini olish choralari va huquqiy oqibatlari haqida so‘z bordi.
Magistratura tinglovchilari so‘zga chiqib, yoshlar tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va diniy aqidaparastlik bilan bog‘liq sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning asl omillari, mamlakatimiz qonunchiligida bu turdagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik masalalariga atroflicha to‘xtaldi.
– Eng achinarlisi, aksariyat yoshlarimiz o‘z qilmishining oqibatini o‘ylamagan holda jinoyatga qo‘l urishmoqda. Shuning uchun yoshlar ta’lim-tarbiyasida “oila – mahalla – ta’lim muassasalari” hamkorligini kuchaytirishimiz, huquqiy-ma’rifiy targ‘ibotlar orqali ularning ongi va qalbiga kirib borishimiz zarur, – deydi podpolkovnik Azimjon Xoliqov.
Targ‘ibot davomida amaldagi qonunchilikda belgilangan normalar, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan qo‘shimchalar, davlatimiz rahbarining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan amaliyotga joriy qilingan mexanizmlar haqida tushuncha berildi.
Yoshlar internet tarmog‘i va boshqa omillar tufayli yuzaga kelayotgan xavf-xatarlardan ogoh bo‘lishi, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini oshirib borishi lozimligi ta’kidlandi. Muhimi, uchrashuv o‘quvchilarni nafaqat muhim tavsiyalar olish, balki jamiyatda ogohlik hissi bilan yashashga undadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati