Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

INTERPA: hamkorlik aloqalari mustahkamlandi

20 Noyabr 2025, 05:11

79

6–8-noyabr kunlari Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Bosh assambleyasi va Ijroiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Turkiyaning Nevshehir shahri mezbonlik qilgan anjumanda tashkilot bilan hamkorlik qilayotgan va unga a’zo bo‘lish istagini bildirgan ta’lim muassasalari vakillari qatnashdi.

Yig‘ilishni INTERPA prezidenti, Turkiya milliy politsiya akademiyasi rahbari Murat Balji ochib, ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holatida erishilayotgan natijalar, manfaatli aloqalarni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek global xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan dolzarb muammolarga to‘xtaldi.

Yig‘ilishda tashkilotning bir yillik faoliyati sarhisob qilinib, kun tartibiga kiritilgan qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, Sulton Qobus nomidagi O‘mon politsiya akademiyasi, Iroq politsiya akademiyasi hamda Qozog‘iston Respublikasi IIV Boshqaruv akademiyasi tashkilot a’zoligiga qabul qilindi. INTERPA doirasidagi navbatdagi tadbirlarni kelgusi yil Shimoliy Makedoniya hamda Qatar davlatlarida o‘tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi Ijroiya kengash tarkibiga qayta saylandi.

Shundan so‘ng “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning zamonaviy strategiyalari: raqamli dunyoda huquqni muhofaza qilish” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil qilindi. Yigirmadan ziyod davlatlar vakillari ishtirok etgan anjumanda kibermakonda yuzaga kelayotgan tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashishga qaratilgan dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.

INTERPA tadbirlari munosabati bilan IIV akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov va Turkiya milliy politsiya akademiyasi rahbari Murat Balji o‘zaro muloqot qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish, tajriba almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari platformasi doirasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech