Insonning ma’naviy dunyosini boyitish, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishda muzeylarning o‘rni beqiyos.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistraturasida ta’lim olayotgan tinglovchilar Temuriylar tarixi davlat muzeyini tomosha qilishdi. Maskandan joy olgan eksponatlar, xususan, Amir Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati, san’atiga oid osori-atiqalar jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini teran anglashga xizmat qildi.
Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan poytaxtimizda bunyod etilgan “Kitobxon oila” monumenti poyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Ichki ishlar organlarida kitobxonlikka qaratilayotgan ulkan e’tibor, soha xodimlarining ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishda adabiyotning o‘rni, soha vakillarining mutolaa qilishi uchun tavsiya etilgan 39 turdagi kitoblarning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar aytildi.
***
IIV Akademiyasining Chet tillari markazi qoshidagi “LINGUIST” fan klubi a’zolari tomonidan debat tashkil etildi.
Xorijiy tillarni ommalashtirish, til o‘rganishga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bilim salohiyatini oshirish maqsadida o‘tkazilgan debatda kunduzgi ta’limning 2 va 3-bosqich kursantlari ishtirok etdi. Sog‘lom raqobat ruhida o‘tgan tadbir ishtirokchilarning chet tilini o‘zlashtirganlik darajasi, nutq mahorati hamda fikrlash qobiliyatini baholab berdi.
***
Akademiyaning Iqtidorli kursantlar kengashi a’zolari Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyiga olib borildi.
O‘zbek adabiyoti tarixiga oid qo‘lyozmalar, turli hujjatlar, fotosuratlar, ayniqsa buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, u yashab ijod qilgan davrga mansub bebaho moddiy-madaniy materiallarni aks ettirgan muzey fondi kursantlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati