Yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning o‘qishi va bandligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish, o‘z vaqtida hal etish, ular tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
IIV Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari bilan uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova shular haqida to‘xtaldi.
Aytib o‘tilganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligida yoshlar bilan ishlashning samarali mexanizmlari hayotga tatbiq qilindi. Bu boradagi tizimli ishlar ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga, sohadagi izchil islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratildi. Axborot xurujlari va zamonaviy tahdidlar avj olayotgan murakkab davrda ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash, hayotda o‘z o‘rnini topolmayotgan va jamiyatdan ajrab qolgan yoshlarni faol hayotga qaytarish, ko‘makka muhtoj qatlam vakillari bilan mahalla, oila hamda shaxs kesimida manzilli ishlash, ularni kasb-hunar va ta’lim bilan qamrab olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarning ta’sirchanligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Ayni yo‘nalishda agentlik va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvda Akademiya vakillari ham so‘z olib, professor-o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhlar tomonidan kriminogen vaziyati murakkab hududlarda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning sabab va sharoitlari o‘rganilib, ilmiy yondashuvlarga asoslangan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilayotgani, mazkur yondashuvlar asosida “mahalla beshligi” a’zolari bilan joylarda keng qamrovli profilaktik ishlar olib borilayotganini qayd etishdi.
Ochiq muloqot yakunida yoshlar siyosatiga oid muhim takliflar ilgari surildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati